Jahon | 17:21 / 27.08.2020
1826
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya hukumati ommaviy tadbirlarga qo‘yilgan taqiqni 2021 yilgacha uzaytirmoqchi

Germaniyada o‘tgan sutkada 1507ta yangi holat qayd etilgan.

Angela Merkel / Foto: Reuters

Germaniya hukumati ommaviy tadbirlar o‘tkazishga qo‘yilgan taqiqni 2021 yil 31 dekabrgacha uzaytirmoqchi. Reuters agentligining xabar berishicha, bu kansler Angela Merkelning federal yerlar hukumatlari rahbarlari bilan qo‘shma konferensiyasi rezolyutsiyasi loyihasida ko‘zda tutilmoqda.

 Ommaviy tadbirlar deganda xalq sayllari, tomoshabinlarning sport musobaqalariga tashrifi, katta konsertlar, ko‘cha, qishloq va shaharlardagi bayramlar tushuniladi. Yopiq hududlardagi xususiy tadbirlarda ishtirokchilar soni 25 kishidan, xususiy bo‘lmagan hududlarda 50 kishidan oshmasligi kerak.

Rezolyutsiya loyihasida qayd etilishicha, yetti kun davomida koronavirus bilan bog‘liq holatlar kuniga 15tadan oshmagan hududlar uchun istisno joriy etilishi mumkin. Ammo tashkilotchilar tadbir ishtirokchilari aynan ushbu hududdan bo‘lishini inobatga olishi lozim.

 Har qanday holatda gigiyena talablariga amal qilinishi shart, niqob taqish rejimini buzganlik uchun kamida 50 yevro jarima solinadi, deyiladi loyihada.

Robert Kox nomidagi institut ma'lumotlariga ko‘ra, Germaniyada o‘tgan sutkada 1507ta yangi holat qayd etilgan. Mamlakat bo‘yicha koronavirus yuqtirganlar soni 238 mingga yaqinlashgan. Kasallik asoratlari oqibatida 9285 kishi vafot etgan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid