O‘zbekiston | 12:28 / 27.08.2020
6512
2 daqiqa o‘qiladi

Markaziy Osiyo mamlakatlari XXI asrda hamkorlik to‘g‘risida hujjat tayyorlamoqda - Abdulaziz Komilov 

Hozirgi vaqtda Markaziy Osiyo mamlakatlari XXI asrda mintaqani rivojlantirish maqsadida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risidagi besh tomonlama davlatlararo hujjatni birgalikda tayyorlamoqda. Bu haqda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov «Yangi O‘zbekiston» muxbiri bilan suhbatda aytib o‘tdi.

U so‘nggi yillarda O‘zbekiston tashqi siyosatining eng muhim yo‘nalishlarida qanday ishlar amalga oshirilgani to‘g‘risida so‘zlab berdi.

«Ko‘p ishlar qilindi va O‘zbekiston rahbariyati tashqi siyosatning belgilangan ustuvor yo‘nalishlarini samarali amalga oshirishga katta ahamiyat bermoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning eng muhim xalqaro tashabbuslaridan biri - BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida birinchi marta e'lon qilingan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlarini o‘tkazish to‘g‘risidagi taklif amalga oshdi. Ushbu tashabbus xalqaro miqyosda keng tan olindi va mintaqa davlatlarining barcha rahbarlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Ana shunday shakldagi birinchi uchrashuv 2018 yil Ostona shahrida bo‘lib o‘tdi. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Ikkinchi maslahat sammiti esa 2019 yil 29 noyabr kuni Toshkent shahrida o‘tkazildi.

Ushbu tadbirning yakunlari bo‘yicha Maslahat uchrashuvi qatnashchilarining tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan Qo‘shma bayonoti qabul qilindi. Unda alohida ta'kidlanganidek: «Markaziy Osiyoda mintaqaviy yaqinlashuvning hozirgi tendensiyasi – tarixiy voqelik. Siyosat, xavfsizlik, barqarorlikni saqlash va taraqqiyot sohalarida mintaqaviy hamkorlikni faollashtirish qo‘shni mamlakatlar xalqlarining tub manfaatlariga javob beradi, ular o‘rtasidagi birodarlik rishtalarining yanada mustahkamlanishi, Markaziy Osiyoning ulkan iqtisodiy va tsivilizatsion salohiyatini to‘liq amalga oshirishga xizmat qiladi».

Hozirgi vaqtda mintaqa mamlakatlari XXI asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish maqsadida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risidagi besh tomonlama davlatlararo hujjatni birgalikda tayyorlamoqda», - dedi Abdulaziz Komilov.

Mavzuga oid