TikTok rahbari Tramp bilan nizo tufayli iste'foga chiqdi
«Siyosiy vaziyat keskin o‘zgardi» va korporativ ustuvor yo‘nalishlarni «jiddiy qayta ko‘rib chiqishga to‘g‘ri keldi», deya ma'lum qildi TikTok rahbari. U kompaniya Tramp ma'muriyatini sudga berganidan bir necha kun o‘tgach, iste'foga chiqdi.
TikTok ijtimoiy tarmog‘i bosh ijrochi direktori Kevin Mayyer ish boshlaganidan uch oy o‘tib iste'foga chiqdi, deb xabar bermoqda Reuters.
Bu TikTok hukumatning AQShda ushbu ilova ishlashiga qo‘ygan taqiqiga qarshi chiqib, Tramp ma'muriyatini sudga berganidan bir necha kun o‘tgach sodir bo‘ldi.
Mayyerning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi bir necha hafta ichida «siyosiy vaziyat keskin o‘zgardi» va u korporativ ustuvor yo‘nalishlarni «jiddiy qayta ko‘rib chiqishga» majbur bo‘ldi. «Ushbu fonda va biz [AQSh ma'muriyati bilan] tez orada kelishuvga erishishni kutayotganimiz sababli, men kompaniyadan ketishga qaror qilganim to‘g‘risida xabardor etmoqchiman», deb yozgan u korporativ xatida.
TikTok agentlikka ijrochi direktor iste'foga chiqayotganini tasdiqladi. So‘nggi bir necha oydagi siyosiy holat Mayyerning roli ko‘lamini «sezilarli darajada o‘zgartirdi», deya ta'kidlashgan kompaniyada.
AQSh rasmiylari fikricha, TikTok amerikaliklarning maxfiy ma'lumotlarini Xitoy hukumati vakillariga berishi mumkin. Iyul oyi boshida AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo mamlakat hududida ushbu ilovani bloklab qo‘yish to‘g‘risida muhokamalar bo‘lib o‘tganini xabar berdi. O‘shanda u fuqarolarga «shaxsiy ma'lumotlar xitoylik kommunistlar qo‘liga tushib qolmasligi uchun» ijtimoiy tarmoqdan ehtiyotkorlik bilan foydalanishni maslahat berdi.
3 avgust kuni AQSh prezidenti Donald Tramp TikTok’ni 15 sentyabrga qadar Amerika kompaniyasiga sotib yuborishni talab qildi. Uning ta'kidlashicha, agar bitim belgilangan vaqtgacha amalga oshirilmasa, ilova «ishdan chiqadi». Bir necha kundan so‘ng, Tramp AQSh fuqarolariga TikTok’ga egalik qiluvchi ByteDance kompaniyasi bilan ishlashni taqiqlovchi farmonni imzoladi. Shu bilan birga, kompaniyaning o‘zi 90 kun ichida AQShdagi barcha aktivlarni sotishi va foydalanuvchilarning to‘plangan barcha shaxsiy ma'lumotlarini yo‘q qilishi kerak.
Bunga javoban TikTok egalari AQSh prezident ma'muriyatiga qarshi da'vo arizasi bilan chiqib, mamlakat hududida ushbu ilovani bloklab qo‘yish qaroriga qarshi bo‘lishdi. «Biz ma'muriyatning TikTok milliy xavfsizlikka tahdid ekanligi haqidagi pozitsiyasiga qat'iyan qo‘shilmaymiz», - deya ma'lum qilishgan kompaniyada. TikTok’da ta'kidlashlaricha, mojaroni Amerika hukumati bilan tinch yo‘l bilan hal qilishga urinishdi va hatto avval rozi bo‘lmagan ba'zi talablarni ham bajarishdi, ammo prezident ma'muriyati buni e'tiborsiz qoldirdi.
Mavzuga oid
23:30 / 07.11.2024
Kanada TikTokʼdan mamlakatdagi bo‘linmasini yopishni talab qildi
20:12 / 29.10.2024
TikTok asoschisi Xitoyning eng badavlat insoniga aylandi
21:29 / 21.09.2024
TikTok AQSh sanksiyalari tufayli Sputnik va RT akkauntlarini o‘chirib tashladi
00:06 / 10.08.2024