Yevropa komissiyasi TikTok platformasining qaramlikka olib keluvçi dizayni Raqamli xizmatlar töğrisidagi qonun (DSA) talablarini buzişi mumkinligi haqidagi xulosasini e’lon qildi.

«Ijtimoiy tarmoqlarga qaramlik bolalar va ösmirlarning rivojlanayotgan ongiga salbiy ta’sir körsatişi mumkin. Raqamli xizmatlar töğrisidagi qonun platformalarga ulardan foydalaniş oqibatlari uçun javobgarlikni yuklaydi. Biz Yevropada farzandlarimiz va fuqarolarimizni internetda himoya qiliş uçun qonunlarimizga rioya qilinişini ta’minlaymiz», — dedi YeK raisining ijroçi örinbosari Xenna Virkkunen.

Yevrokomissiya xulosasiga köra, TikTok’ning çeksiz «lenta», videoni avtomatik körsatiş, push-xabarnomalar va yuqori darajada şaxsiylaştirilgan tavsiyalar tizimi kabi funksiyalari foydalanuvçilarda qaramlik keltirib çiqaradi.

YeKning dastlabki örganişlari TikTok qaramlikka olib keluvçi funksiyalar foydalanuvçilarning, jumladan, voyaga yetmaganlar va himoyaga muhtoj kattalarning jismoniy va ruhiy salomatligiga qanday zarar yetkazişi mumkinligini yetarliça baholamaganini körsatmoqda. Masalan, TikTok’ning ayrim dizayn elementlari foydalanuvçilarni doim yangi kontent bilan «mukofotlab», «lenta»ni uzluksiz aylantiriş istagini kuçaytiradi va miyani «avtopilot rejimi»ga ötkazadi, deya izohlaşmoqda Bryusseldagilar.

«Ilmiy tadqiqotlarning körsatişiça, bu kompulsiv fe’l-atvorga olib keladi va foydalanuvçilarning özini nazorat qiliş qobiliyatini pasaytiradi», — deyiladi YeK xulosasida.

Yevrokomissiya fikriça, TikTok özining «qaramlikka olib keluvçi dizayni bilan boğliq xavflarni kamaytiriş uçun oqilona, munosib va samarali çoralar»ni körmayapti.

«Komissiya TikTok özining asosiy dizaynini özgartirişi zarur, deb hisoblaydi. Masalan, “çeksiz aylantiriş” kabi qaramlikka olib keluvçi funksiyalarni bosqiçma-bosqiç öçiriş, tungi vaqtda “tanaffuslar” joriy etiş orqali», — deyiladi Yevrokomissiya xulosasida.