«Xorazm hududiy elektr tarmoqlari» AJ: Bog‘otda tuman elektr ta'minoti korxonasi yangi binosi foydalanishga topshirildi
«Sen – qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekiston!»
Mustaqillik yillarida boshqa sohalar singari elektr energiyasi sohasida ham izchil islohotlar natijasida chekka-chekka hududlarda istiqomat qilayotgan aholini tashvishga solayotgan muammolar bosqichma-bosqich o‘z yechimini topmoqda.
Bugun foydalanishga topshirilgan «Xorazm hududiy elektr tarmoqlari» AJning Bog‘ot tuman elektr ta'minoti korxonasining yangi binosini ham, hech mubolag‘asiz, ana shu mustaqilligimiz, qolaversa sohada erishilayotgan ijobiy yutuqlarimiz natijasi deb bemalol aytish mumkin.
Loyiha qiymati 2,46 mlrd so‘m bo‘lgan mazkur bino qurilishida so‘nggi turdagi zamonaviy qurilish materiallari, xususan, maishiy kommunikatsiyalarni o‘tkazishda energiyatejamkor texnologiyalardan keng foydalanilganini alohida e'tirof etish joiz. Shuningdek, bu yerda asosiy binodan tashqari o‘quv maydoni, mashinalar turar joyi hamda omborxonalarda barcha zarur sharoitlar yaratilishiga alohida e'tibor berilgan.
Yangi bino ochilishiga bag‘ishlangan tadbir karnay-surnay sadolari yangrashi hamda faxriy otaxonlardan oq fotiha olish bilan boshlandi.
Tadbirni viloyat hokimi F.Ermanov ochib berdi.
«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruv raisining Kapital qurilish bo‘yicha o‘rinbosari Dilshod Nosirov tadbirda so‘z olar ekan, qurilish jarayonlari puxta reja asosida ishlab chiqilganiga atroflicha to‘xtalib o‘tdi.
Shu yerning o‘zida tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar ishtirokida tuman va shahar elektr ta'minoti korxonalari rahbarlariga 9 ta Nexia, 15 ta Damas va 50 tonnalik bitta kran mashinalari topshirildi.
Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, ayni paytgacha «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan zamonaviy arxitektura-dizayn talablari asosida 57 ta elektr ta'minoti korxonasi binosi kapital ta'mirlanib, 6 tasi yangidan qurildi. Jumladan, «Xorazm hududiy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan o‘tgan yili Xiva tuman va Xiva shahar elektr ta'minoti korxonalarining binolari qayta rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirilgandi. Bunday o‘zgarishlar va yangilanishlarning asosiy maqsadi, albatta, elektr energiyasi iste'molchilariga qulaylik yaratish bilan bir qatorda, ishchi-xodimlarga munosib mehnat sharoitlari yaratishdir.
Ma'lumot o‘rnida: Bugun Bog‘ot tumani hududida joylashgan jami 43 ta mahalla, 30409 ta maishiy va 1421 ta ulgurji elektr energiyasi iste'molchilariga korxonaning 65 ta ishchi-xodimi xizmat ko‘rsatadi. Bundan tashqari, ular tomonidan tumandagi 4 ta nimstansiya, 43 ta fider, 1259,634 km uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlarida ekspluatatsiya ishlari olib boriladi.
Sohiba G‘ayipova,
Xorazm HETK AJ Matbuot xizmati boshlig‘i
Mavzuga oid
12:07 / 09.11.2024
Xorazmda mevaga kira boshlagan intensiv bog‘ buzib tashlandi
10:50 / 28.10.2024
Xorazmda ayrim loyihalar uchun Polsha texnologiya va investitsiyalari jalb qilinadi
16:26 / 16.10.2024
Xorazmda yana reyderlik. Sholikorlar hosilini tortib olish ommaviy tus olganmi?
18:40 / 18.09.2024