O‘zbekiston | 19:59 / 31.08.2020
15891
2 daqiqa o‘qiladi
Reklama

«Tengiz» – bir ayol qismatiga bag‘ishlangan haqqoniy drama

«O‘zbekkino» Milliy agentligi buyurtmasiga binoan rejissyor Mansur Abduxoliqov tomonidan suratga olingan «Tengiz» badiiy filmida bir ayolning hayoti, uning atrofidagilar, turmush tarzi haqida hikoya qilinadi.

Filmda qoraqalpoq xalqining urf-odatlari, madaniyati, Orol dengizi taqdiri, mo‘ynoqliklar ichki kechinmalari ham ifodalangan.

Asar asosan Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq shahrida istiqomat qiluvchi Manzura Yerniyozova va uning jasoratiga bag‘ishlanadi.

Filmda badiiy to‘qimalar mavjud, lekin film syujyetiga bu ayolning tushkunlikka tushmay tikuvchilikni o‘rganib, tadbirkorga aylangani, yoshlarga ibrat bo‘layotgani, iroda va matonati asos qilib olingan.

Baxsiz tasodif tufayli o‘ng oyoq-qo‘lidan ajralgan Tengiz ismli kelinning bir zumda to‘kis ko‘ringan baxtidan ayrilishi haqidagi voqea bilan boshlansa, filmda kelgusi sahnalar ancha ko‘tarinki tus oladi. To‘g‘ri, u sevgan yoridan, baxtidan voz kechadi, lekin o‘zining tirishqoqligi va mehnati tufayli yana hayotga qaytadi.

Film ssenariy mualliflari – G‘afur Shermuhammad va Shuhrat Rizayev, postanovkachi operator – Dilmurod Turdiboyev.

Rollarda – Sitora Farmonova, Ko‘pjursin Allanazarov, Roza Piyazova, Feruza Saidova, Lizaxon Haqnazarova va boshqalar.

«Tengiz» filmi premerasi:

31 avgust

Uzbekistan-online internet kanallarida – soat 21:00

1 sentabr

  • «Zo‘r TV» telekanali – soat 09:30
  • «O‘zbekiston» teleradiokanali – soat 18:00
  • «Sevimli» telekanali – soat 20:30

Eslatib o‘tamiz, shu kunlarda «O‘zbekkino» Milliy agentligi tomonidan yurtimiz telekanallarida bundan boshqa yana 10dan ortiq film va multfilmlar namoyish etilmoqda.

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid