O‘zbekiston | 16:51 / 01.09.2020
23674
4 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘quv yili boshlanishidan oldin hal qilinishi kerak bo‘lgan ishlarni keltirdi

Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov umumta'lim maktablari faoliyatini yo‘lga qo‘yishda muayyan omillarni hisobga olish va ularni o‘quv yili boshlangunga qadar bartaraf etish zarurligini ta'kidladi.

O‘zbekistonda shu vaqtgacha 4 mingga yaqin bola koronavirus yuqtirib olgan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi ma'lumotida keltirilgan.

«Ayni kunlarda maktablarda yangi o‘quv yilini boshlash masalasi eng muhim vazifalardan biri bo‘lib turibdi. Maktablar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, sinflarda ijtimoiy masofani saqlash, qo‘l yuvishga yetarli sharoit yaratish, niqob taqishni nazorat qilish, respirator kasalliklar alomati borlarni ertalabki filtr jarayonida alohida tekshiruvdan o‘tkazish, dars mobaynida aniqlangan bemorlarni izolyatsiya qilish, hojatxonalarni sanitariya talablariga moslashtirish, oshxonalarda gigiyena talablarini ta'minlash, surunkali kasalligi va nogironligi bor bolalarga alohida yondashuv singari muhim jihatlarga e'tibor berish ayniqsa ahamiyatlidir.

Shu vaqtgacha mamlakatimizda Covid-19’ga chalingan jami 41 ming 994 nafar bemordan qariyb to‘rt ming nafariga yaqinini bolalar tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkichning aksariyat qismi mamlakatimizda karantin e'lon qilingan hamda xalq ta'limi muassasalari faoliyat yuritmagan davrga to‘g‘ri keladi», deyiladi vazirlik xabarida.

Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov mavjud vaziyatda, eng avvalo, maktablarning zarur talablarga javob berishi o‘ta muhimligini ta'kidlab kelmoqda. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, bu vaziyatda quyidagi omillarni hisobga olish va ularni o‘quv yili boshlangunga qadar bartaraf etish zarur:

  • ta'lim muassasalarining ba'zilari ichimlik suvi bilan ta'minlanmagani;
  • maktab oshxonalari hamda hojatxonalarining sanitariya-gigiyena talablariga to‘liq javob bermasligi;
  • maktab hamda maktabgacha ta'lim tashkilotlarida xizmat qiladigan xodimlarning va ota-onalarning xizmatdan tashqari vaqtlarida turli jamoat joylarida (bozor, magazin, avtobus, qarindoshlar, qo‘shnilar) bo‘lishlari;
  • ushbu yoshdagi bolalar kun davomida maktab hududida ijtimoiy masofani saqlay olishini ta'minlash;
  • bolalarda koronavirus ko‘p holatlarda yengil yoki klinik belgilarsiz (simptomlarsiz) kechsa ham, ular ushbu virusning asosiy tarqatuvchilaridan biri bo‘lishlari va ular o‘z oilalaridagi kattalarga, ayniqsa, xavf ostidagi guruhlardagi qarindoshlariga yuqtirishi va aholi o‘rtasida kasallik kupayishiga olib kelishi mumkinligini e'tiborga olish kerak.

Sog‘liqni saqlash vaziri xalqning kelajagi bo‘lmish yosh avlodning sog‘lig‘i haqida qayg‘urish tibbiyot tizimi vakillarining asosiy vazifalaridan biri ekanini eslatib o‘tdi.

«Koronavirus bolalarda yengil o‘tishi bu ehtiyotkorlikni unutish degani emas. Chunki bir qator mamlakatlardagi holat buning aksini ko‘rsatmoqda. Har birimizning farzandlarimiz, nabiralarimiz bor. Bolalar sog‘lig‘i haqida gap ketganda, ularning o‘rniga o‘z bolamizni qo‘yib ko‘raylik. Shuning uchun maktablarga biriktirilgan 10 ming nafarga yaqin tibbiyot xodimlaridan, pedagoglardan, mahalliy hokimiyat vakillaridan vaziyatga ota yoki ona ko‘zi bilan qarashlarini so‘rardim», deya ta'kidlagan vazir.

Vazirlik yangi o‘quv yili oldidan barcha ota-onalar va pedagoglar bu jarayonga mas'uliyat bilan yondashishlarini so‘ragan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda maktablar 5 sentyabrda ochilishi rejalashtirilgan.

Mavzuga oid