Sport | 22:04 / 02.09.2020
5734
2 daqiqa o‘qiladi

«MYu» van de Bekning transferini e'lon qildi

Niderlandiyalik yarimhimoyachi Donni van de Bek «Ayaks»dan «Manchester Yunayted»ga o‘tdi.

23 yoshli havbek mankunianliklar bilan besh yillik shartnomaga imzo chekkan, shartnomada kelishuvni yana bir yilga uzaytirish imkoniyati ko‘zda tutilgan.

Avvalroq OAVda ushbu futbolchi «MYu»da yiliga olti million yevro miqdorida maosh olishi aytilgandi.

Qayd etilishicha, transfer uchun 40 mln yevro to‘langan, shuningdek bonuslar ko‘zda tutilgan.

«Bunday ajoyib tarixga ega klubga o‘tgandan so‘ng gapni nimadan boshlashni ham bilmayapman.

«Ayaks»dagi barchaga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Men u yerda o‘sganman va har doim klub bilan aloqada bo‘laman. Endi faoliyatimdagi keyingi qadamimni tashlab, yuqori saviyada o‘ynashga tayyorman. «Manchester Yunayted»dan yuqorisi yo‘q.

Menga «Old Trafford»dagi atmosfera naqadar ajoyib ekanligini aytishdi, jamoa libosida maydonga tushishni sabrsizlik bilan kutyapman.
 
Ushbu jamoada dunyoning eng yaxshi yarimhimoyachilari bor va men ulardan ko‘p narsa o‘rganishim mumkinligini bilaman. Shuningdek, o‘zim ham jamoaga nimadir bera olaman.

Murabbiy bilan uning qarashlari, klub qaysi yo‘nalishda harakat qilayotgani haqida suhbatlashgandan keyin nihoyatda hayajondaman. Ushbu loyihaning bir qismi bo‘lishni xohlayman», – deya van de Bekning so‘zlarini keltiradi klub rasmiy sayti. 

Mavzuga oid