O‘zbekiston | 22:43 / 02.09.2020
8667
4 daqiqa o‘qiladi

Past Darg‘omda 80ta oila moddiy yordam olishdan bosh tortdi

Xalq deputatlari Past Darg‘om tuman kengashining navbatdagi sessiyasida aholining ehtiyojmand qatlami hamda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, budjet daromadlarini oshirish, ishsiz fuqarolarning bandligini ta'minlash masalasi muhokama etildi.

Mavzu yuzasidan tuman hokimi Shunqor Xudoyberdiyev hisobot berdi.

Hokimning aytishicha, shu vaqtga qadar ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat rahbarining 30 iyuldagi qaroriga asosan 1082 ta oilaga 1 mln so‘mdan bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilgan.

Tumanda dastlabki o‘rganishlar natijasi bo‘yicha 4 596 ta kambag‘al oilalar ro‘yxati shakllantirilib, «Temir daftar»ga kiritilgan. 660 tasi boquvchisini yo‘qotganligi, 860 tasi nogiron oila a'zolari bo‘lganligi, 2 125 tasi ishsiz, 138 tasi besh va undan ko‘p bolali, 159 tasi uzoq muddatga xorijga ketib, daromad yubormaganligi va 654 tasi boshqa sabablarga ko‘ra kambag‘al ekanligi ma'lum bo‘lgan.

Ma'lum bo‘lishicha, 80ta oila davlat budjetidan ajratilgan moddiy yordamni olishni rad etgan.

«Ushbu oilalarning 550 nafar a'zosiga 121 mln so‘m mablag‘ tarqatilmagan va budjetga qaytarildi», – dedi tuman hokimi.

Ta'kidlanishicha, 67 ta yo‘nalishda norasmiy faoliyat yuritib kelayotgan 4092 nafar fuqaroning bandligi legallashtirilgan. 486 ta yuridik korxona va 604 ta YaTTlar yangidan tashkil etilgan. Shuningdek, joriy yil yakuniga qadar qiymati 389,3 mlrd so‘m bo‘lgan 13 ta loyiha ishga tushishi natijasida 581 ta yangi bo‘sh ish o‘rinlari yaratiladi. Budjetga qo‘shimcha 8 mlrd so‘mdan ortiq soliq tushirish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Sessiyada Oliy Majlis Senati a'zosi Farhod Boqiyev so‘zga chiqib, Past Darg‘om tuman bandlikka ko‘maklashish markazi mansabdor shaxslari tomonidan qonun me'yorlari buzilgani haqida gapirdi. Xususan, kambag‘al oila toifasiga kirmagan fuqarolarga issiqxona qurib berildi qabilida hujjatlar tayyorlangan. Jami 84 mln 240 ming so‘m subsidiya mablag‘lari bir qator MChJlarga o‘tkazib yuborilgan.

Tuman hokimi ushbu holat yuzasidan prokuratura tomonidan tergov harakatlari olib borilayotgani va aybdorlar qonun oldida javob berishini bildirdi. Mazkur holat xalq deputatlari tuman kengashida ham muhokama etilgan.

Hokim, shuningdek, hozirgi kunga qadar xorijdan qaytgan 1029 nafar fuqaroning bandligi ta'minlanganini ma'lum qildi. Bundan tashqari, xorijdan qaytishi mumkin bo‘lgan fuqarolarga 318 ta bo‘sh, 137 ta kvota ish o‘rinlari zaxira qilib qo‘yilganini aytdi.

«Tumanda mehnat resurslari soni 191 206 tani, band aholi 137 712 nafarni, shundan rasmiy bandlar 70 220 nafarni, ishsizlar esa 15 379 nafarni tashkil qiladi. Demak, tumanda ishsizlik darajasi 10 foiz. Yil yakuniga qadar jami 8 790 nafar ishsizlar bandligini ta'minlash rejalashtirilmoqda», – dedi Shunqor Xudoyberdiyev.

Aholini shaxsiy tomorqasiga band qilish maqsadida o‘tgan davrda 126 ta oilaga 279,9 mln so‘m, jumladan 76 ta oilaga 168,4 mln. so‘m issiqxona qurish uchun, 3 ta oilaga 6,7 mln so‘m urug‘lik va ko‘chat uchun, 47 ta oilaga 104,8 mln so‘m so‘g‘orish uskunasi xarid qilish uchun subsidiya berilgan.

Kooperativlarga 225 nafar ishsiz va kambag‘al fuqarolar a'zo bo‘lgan. Ularga 294,2 mln so‘m miqdorida subsidiya berilgan. Hokim aynan ushbu tajriba o‘zini oqlayotgani, aholining kambag‘alchilikdan chiqishida yaxshi samara berayotganini aytib o‘tdi.

Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid