Jahon | 23:09 / 03.09.2020
9246
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh JSSTni tark etadigan sana ma'lum qilindi

Foto: YANN

AQSh Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotini 2021 yil 6 iyulda rasman tark etadi. Bu haqda AQSh davlat departamenti saytida ma'lum qilingan. Xabarda ta'kidlanishicha, AQSh sog‘liqni saqlash tizimida JSSTdan ko‘ra “ishonchliroq va shaffofroq hamkorlar”ni qidirmoqda.
        
Davlat departamenti vakili Morgan Ortagusning ta'kidlashicha, JSST nafaqat koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashni, balki o‘nlab yillar davomida favqulodda vaziyatlarda o‘z ishini yaxshi uddalay olmagan. Bundan tashqari, xalqaro tashkilot undan talab qilingan islohotlarni o‘tkazishdan, jumladan Xitoydan mustaqil ekanini ko‘rsatishdan bosh tortgan. Xabarda ta'kidlanishicha, AQSh butun dunyo bo‘ylab tibbiy va insonparvarlik yordami yetkazishda “eng hotamtoyi” hisoblanadi. Bu yordam esa amerikalik soliq to‘lovchilar hisobiga amalga oshiriladi, ular esa bu yordamning samarali qo‘llanishini kutishgan edi.

Ortagusning ta'kidlashicha, JSSTga mo‘ljallangan mablag‘larning qolgan qismi BMTning boshqa tashkilotlariga yo‘naltiriladi. Ta'kidlanishicha ushbu summa 62 mln dollarni tashkil qiladi.  Shuningdek, AQSh 2021 yil iyulgacha JSST bilan muloqotini minimumgacha qisqartiradi.  

May oyida AQSh prezidenti Donald Tramp JSST pandemiya bilan bog‘liq holda islohotlar o‘tkazishdan bosh tortgani sababli u bilan munosabatlar uzilishini e'lon qilgandi. Trampning fikricha, JSST “Xitoyning qo‘g‘irchog‘i” hisoblanadi. AQSh har yil JSSTga 450 mln dollar to‘lab kelgan.

 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid