Jahon | 16:34 / 07.09.2020
5312
3 daqiqa o‘qiladi

BMT: Havoning ifloslanishi tufayli har yili 7 mln kishi vafot etadi

Covid-19 pandemiyasi tufayli millionlab odamlar sayohat qilish imkoniyatidan mahrum bo‘lishdi, ko‘plab transchegaraviy yo‘llar bo‘shab qoldi, samolyotlar esa kam ucha boshladi. Biroq BMT ekspertlarining qayd etishicha, havoning sifatiga ta'sir ko‘rsatuvchi boshqa ifloslantiruvchi omillar ham mavjud.

Foto: Flickr

BMT ekspertlari havo ifloslanishini «ko‘rinmas qotil» deb atashadi. Uning oqibatlari tufayli har yili 7 mln kishi vafot etadi.

Havoning ifloslanishi nafas olish yo‘llari, yuqumli va yurak kasalliklari, insult, o‘pka saratoni va homiladorlik bilan bog‘liq asoratlarning sababi hisoblanadi, deya xabar bermoqda BMT Yangiliklar markazi 7 sentabr kunida nishonlanadigan Xalqaro toza havo kunida.

Ifloslangan havodan nafas olayotgan bolalarda astma, surunkali o‘pka yetishmovchiligi, o‘sishning sustligi, qandli diabet, bolalarda ortiqcha vazn va aqliy rivojlanishi sustligi tobora kuchaymoqda.

Covid-19’ga qarshi kurash davrida odamlar samolyotda kamroq uchib, jamoat transportidan foydalanmay qo‘yishganda olimlar dunyoning ko‘plab shaharlarida havoni ifloslantiruvchilar, ayniqsa azot oksidi darajasining keskin kamayganini kuzatishdi. Bu asosan shaharlarda transport harakatining qisqarishi tufayli yuz berdi. Madridda ifloslanish darajasi taxminan 50 foizga kamaydi. Boshqa yirik shaharlarda ham shunday holat kuzatildi.

Biroq ekspertlarning ta'kidlashicha, havoning sifatiga transport bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa ko‘plab ifloslantiruvchilar ham ta'sir qiladi. Masalan, turar-joy va boshqa binolarni isitish, dalalarni o‘g‘itlashda havoga tushadigan mayda zarrachalar sababli atmosferaning ifloslanish darajasi pasaymadi.

«Bu havo ifloslanishiga ta'sir ko‘rsatishning samarali himoyasi uchun shaharlarda transport sektori doirasidan chiquvchi sohalararo kompleks choralar muhim ekanini ko‘rsatadi», deyiladi BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi xabarida.

Uning mualliflari havoning ifloslanishi nafaqat inson salomatligi, balki iqtisodiyotga ham zarar keltirishini eslatib o‘tishdi. Atrof-muhitning ifloslanishi sababli iqtisodiy zarar Yevropa mintaqasining 10ta mamlakatida YaIMning kamida 20 foizini tashkil etadi. Xalqaro toza havo kuni arafasida BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi uzoq muddatli transchegaraviy havoning ifloslanishi to‘g‘risidagi konvensiyaga rioya qilish muhimligini eslatdi.

40 yildan buyon ushbu Konvensiya dunyodagi yagona mintaqaviy hujjat bo‘lib qolmoqda. Bu xalqaro hamkorlikni rivojlantirishda muhim rol o‘ynaydi, ayniqsa havoni ifloslantiruvchi moddalar milliy chegaralarni kesib o‘tib, minglab kilometlarni bosib o‘tishi mumkin. Konvensiya bo‘yicha jamoaviy sa'y-harakatlar allaqachon o‘z natijasini berdi: masalan, 1990 yildan beri zararli moddalar, shu jumladan, zarracha va oltingugurt chiqindilari Yevropada 30-80 foizga kamaydi. Biroq oldinda muammolar mavjud.

Yaqinda o‘tkazilgan BMT tadqiqotiga ko‘ra, Yevropa iqtisodiy komissiyasi a'zolari bo‘lgan 10ta mamlakat – Irlandiya, Islandiya, Ispaniya, Estoniya, Kanada, Norvegiya, Portugaliya, AQSh, Shvetsiya va Finlyandiyada havoning ifloslanish darajasi ruxsat etilgan minimal darajada oshmaydi.

Гулзода Иброҳимова
Tayyorlagan Гулзода Иброҳимова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid