Jamiyat | 09:26 / 07.09.2020
7497
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekneftgaz» raisi boshchiligidagi ishchi guruh Buxoroda tabiiy gaz qazib chiqarish va qayta ishlashdagi muammoli masalalarni o‘rgandi

«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi «Uchqir» majmuasi hududidagi qurilish maydonlarida bo‘lib, uglevodorodlar qazib chiqarish prognoz ko‘rsatkichlarini bajarilishi, tabiiy gaz qazib chiqarish va yetkazib berish tizimidagi muammoli masalalarni o‘rgandi.

«Uchqir gazni oltingugurtdan tozalash» kompleksida tabiiy gaz qazib chiqarish hajmini oshirish, sifat ko‘rsatkichlarini yaxshilash va iste’molchilarni suyultirilgan gaz bilan ta’minlash maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Boshqaruv raisi konlardan qazib olinayotgan tabiiy gazni past bosimdan yuqori bosimga oshirib berish va kunlik 1,5-2,0 mln kub.m tabiiy gaz qazib chiqarish uchun qurilayotgan «Uchqir siquv kompressor stansiyasi»dagi yakuniy qurilish ishlari bilan ham yaqindan tanishdi.

Shuningdek, «Uchqir siquv kompressor stansiyasi» va «Uchqir gazdan propan-butan aralashmasini ajratib olish qurilmasi»da bajarilayotgan qurilish va montaj ishlari jarayonidagi mavjud muammoli masalalar aniqlandi va ularning yechimi yuzasidan mutaxassislar, quruvchilar, kon ustalari va geologlar bilan muhokamalar o‘tkazildi hamda tegishli vazifalar belgilab olindi.

Boshqaruv raisi va «Ishchi guruh» a’zolari tomonidan pudratchi korxona rahbarlari bilan muzokoralar o‘tkazildi hamda «Uchqir siquv kompressor stansiyasi»dagi qurilish ishlari yakunlanib, belgilangan me’yorlar asosida uni ishlatish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.

«O‘zbekneftgaz» AJning o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilayotgan qiymati 49,4 mln dollarlik «Uchqir gazdan propan-butan aralashmasini ajratib olish qurilmasi»ning ishga tushishi natijasida, yillik 80 ming tonna suyultirilgan gaz va 37 ming tonna gaz kondensati ishlab chiqariladi.

Uskunalar, moddiy texnik resurslar sotib olish bo‘yicha 13ta import va 35ta mahalliy shartnomalar imzolangan bo‘lib, ularni moliyalashtirish uchun hozirgacha 12,3 mln dollar va 64,7 mlrd so‘m yo‘naltirildi.

«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev tabiiy gaz hajmi tushib ketishining oldini olish maqsadida, tabiiy gaz qazib chiqarish quduqlarida olib borilayotgan ta’mirlash ishlarini jadallashtirish, qazib chiqarish hajmini oshirishga qaratilgan burg‘ilash va texnologik jarayonlardagi chora-tadbirlarni bajarilishi holatini ham o‘rgandi.

Qazib chiqarish hajmlarini oshirish yuzasidan qo‘shimcha tadbirlarni ishlab chiqish, tabiiy gaz sifat ko‘rsatkichlarini yanada yaxshilash maqsadida zamonaviy qurilma va uskunalardan foydalanish darajasini oshirish belgilandi.

Kompaniya boshqaruv raisi boshchiligidagi «Ishchi guruh» tomonidan yana ikki kun davomida Buxorodagi ishlab chiqarish va qayta ishlash korxonalarining faoliyati tanqidiy o‘rganiladi.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid