O‘zbekiston | 22:19 / 08.09.2020
24772
3 daqiqa o‘qiladi

Kadastr hujjati egalik huquqini avtomatik vujudga keltirmaydi - Kadastr agentligi

Uyning kadastr hujjatlari bo‘la turib, hokimning tegishli qarori bo‘lmasa, mulk egasining huquqi kafolatlanmaydimi? Davlat soliq qo‘mitasi huzurida tashkil etilgan Kadastr agentligi direktori Halilulloh To‘raxo‘jayev ushbu masala yuzasidan 8 sentbyar kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida munosabat bildirdi.

Halilulloh To‘raxo‘jayev

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, agentlik direktori aholi orasida uyga, ya'ni qurilmaga nisbatan tayyorlangan har qanday kadastr hujjati shu mulkka egalik qilish huquqini avtomatik vujudga keltiradi, deya yanglish faraz borligini bildirdi.

«Kadastr hujjati — texnik hujjat. Avval, soliqqa tortish maqsadida shu kabi texnik hujjatlar qilib berilgan. Shu masala yuzasidan, ko‘p joylarga borganimizda, rahbarlar ham kadastr hujjatini yaxshi anglamaydi. Unda yozib qo‘yilganki, bu hujjat egalik qilish huquqini bermaydi, bu — texnik hujjat. Agar o‘sha joy biror shaxs tomonidan hokimning qarori yo tegishli oldi-sotdi hujjati orqali qo‘lga kiritilmagan bo‘lsa, uni egalik qilish huquqi paydo bo‘lmaydi», — dedi u. 

To‘raxo‘jayevning aytishicha, kadastr hujjati tayyorlangani uchun tashkilot moddiy manfaat ko‘radi. Ammo hujjat tayyorlab berilmagan taqdirda, xizmat ko‘rsatilmagani uchun belgilangan summa oqimi kamayadi.

«Kadastr hujjatini ushbu maqsadlarda chizib berishni taqiqladik. Soliqqa tortish vajidan ma'lumot kerak bo‘lsa, qurilmalar haqida ma'lumot beruvchi dalolatnoma tuzish joriy etildi. Dalolatnoma kadastr hujjati emas, shuningdek odamlarda ham yanglish fikr paydo bo‘lishi kamayadi», — deydi u. 

Ma'lumot uchun, prezident Shavkat Mirziyoyevning «Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi negizida Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi tashkil etildi.

Farmonga ko‘ra, Kadastr agentligi ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, geodeziya va kartografiya hamda davlat kadastrlarini yuritish sohasida vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Ushbu agentlik yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazmaslik, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish hamda davlat kadastrlarini yuritish tartibini buzish bilan bog‘liq ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ham ko‘rib chiqadi. Kadastr organlari endilikda faqat yerning hisobini yuritish bilan shug‘ullanadi.

Qishloq xo‘jaligi yerlarini rivojlantirish, xususan, tuproq bonitirovkasini o‘tkazish, qishloq xo‘jaligi yerlarining normativ qiymatini aniqlash, geobotanik tadqiqotlarni amalga oshirish vazifalari ularning haqiqiy egasi – Qishloq xo‘jaligi vazirligiga o‘tkazilmoqda.

Алишер Рўзиохунов
Tayyorlagan Алишер Рўзиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid