Jamiyat | 22:59 / 10.09.2020
35898
4 daqiqa o‘qiladi

«Bu jinoyatni yarashuv bilan tugatish imkonsiz» - Samarqandda eri kaltaklagan ayol voqeasi bo‘yicha izoh berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda samarqandlik ayolning turmush o‘rtog‘i tomonidan ayovsiz kaltaklangani aks etgan video tarqalgan edi. 24 avgust kuni Samarqand viloyat IIB ayolning turmush o‘rtog‘i qo‘lga olingani va unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma'lum qildi.

Biroq oradan ko‘p o‘tmay tahqirlangan ayolni turmush o‘rtog‘i bilan yarashtirilayotgani sababli jinoyat jazosiz qolishi mumkinligi borasida taxmin va savollar ko‘paya boshladi.

Ana shu savollarga aniqlik kiritish maqsadida Samarqandda o‘tkazilgan brifingda viloyat IIB hamda viloyat Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi hamda Zoom dasturi orqali IIV vakillari holat yuzasidan axborot berdi.

Unga ko‘ra, mazkur oilani yarashtirish imkonsiz bo‘lib, bir necha holatlar bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda. Jabrlanuvchiga esa himoya orderi berilgan.

Samarqand shahar IIB tergov bo‘limi boshlig‘i Damir Sultonov o‘z turmush o‘rtog‘ini shafqatsiz tarzda kaltaklab kelgan Sh.ga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgani va hozirga qadar qamoqda saqlanayotganini aytdi.

«IIB organlari tomonidan hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Jumladan, jabrlanuvchining turmush o‘rtog‘i Sh. tomonidan taglik yeyishga majbur qilingani va boshqa holatlar bo‘yicha tarqalgan xabarlar ham o‘rganilmoqda.

Jinoyat protsessual kodeksiga asosan, mazkur jinoyat ishini yarashuv bilan tugatishning imkoni yo‘q. Jinoyatga tegishli jazo berilishi muqarrar», – dedi Samarqand shahar IIB tergov bo‘limi boshlig‘i.

IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari – xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Umida Abdullayevaga ko‘ra, joriy yilning dastlabki 8 oyida ichki ishlar organlariga xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlari yuzasidan jami 4 744 ta murojaat va xabar kelib tushgan.

Shulardan 1 946 tasida ruhiy, 57 tasida iqtisodiy, 25 tasida jinsiy va 2 421 tasida jismoniy zo‘ravonlik hamda 398 tasida tazyiq holatlari aniqlangan.

«Ushbu holatlarni oldini olish maqsadida zo‘ravonlikdan jabrlangan 4 780 nafar xotin-qizlarga himoya orderi rasmiylashtirib berildi. Himoya orderi olgan xotin-qizlardan 61 nafari o‘quvchi va talabalar tashkil etadi. 1 385 nafari esa ishlaydi, 1 954 nafari uy bekasi, 209 nafari nafaqada va 1077 nafari ish bilan band bo‘lmagan», – dedi Umida Abdullayeva.

Samarqand viloyati bo‘yicha xotin-qizlar uchragan tazyiq va tajovuz holatlari haqida ham ma'lumot berildi.

«Viloyatda so‘nggi 8 oyda 254 nafar xotin-qizlarga himoya orderlari berilib, doimiy nazoratga olingan.

Mazkur himoya orderlar tahlil qilinganda, tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan jami 203 nafar jabrlangan xotin-qizlarning bevosita murojaati, 10 tasi jismoniy va yuridik shaxslarning xabarlari asosida, 21 tasi vakolatli organlar va tashkilotlar xodimlari tomonidan aniqlangan. 20 tasi esa davlat organlari hamda boshqa tashkilotlardan kelib tushgan materiallar asosida berilgan», – deydi Samarqand viloyat IIB xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘lim katta inspektori Nilufar Sattorova.

Mavzuga oid