Germaniya aholisi koronavirusdan ko‘ra Trampdan ko‘proq qo‘rqishini aytdi
Germaniya aholisining AQSh prezidenti Donald Tramp siyosati dunyoni yashash uchun xavfliroq qilishi mumkinligidan xavotiri koronavirus oldidagi xavotiridan jiddiyroq bo‘lib chiqdi. Bundan Germaniyaning R+V Insurance Group sug‘urta kompaniyasi o‘tkazuvchi har yillik so‘rovnoma natijalari darak bermoqda.
“Nemislar nimadan qo‘rqadilar?” deb nomlangan reyting 1992 yildan beri o‘tkazib kelinadi. Unda sug‘urta kompaniyasi oxirgi yilda yuz bergan va Germaniya aholisida eng ko‘p xavotir uyg‘otgan hodisalar va faktlar to‘playdi. Reyting jamoatchilik fikrini o‘rganish asosida tuziladi. Joriy so‘rovnoma iyun va iyul oylarida o‘tkazilgan va unda 2400ga yaqin germaniyalik ishtirok etgan.
So‘rovnoma natijalarining ko‘rsatishicha, Germaniya aholisini eng ko‘p Donald Tramp siyosati xavotirlantiradi: bunday fikrni 53 foiz respondentlar bildirgan. Geydelberg universiteti siyosatshunosi Manfred Shmidt bu ko‘rsatkichga izoh berib, bunday natija to‘liq asosga ega ekanini aytgan. “Tramp o‘zining tashqi siyosati bilan muntazam jiddiy xalqaro murakkabliklarni keltirib chiqaradi. Bu AQShning Xitoy bilan savdo urushida hamda ittifoqdosh davlatlar, jumladan Germaniyaga nisbatan savdo va xavfsizlik masalalaridagi hamlalarida ayniqsa seziladi. Shuningdek, buni AQShning xalqaro hamkorlikdan bosh tortishi va Eron bilan qarama-qarshilikka borishida ko‘rish mumkin”, deb ta'kidlab o‘tgan mutaxassis.
Nemislarni xavotirlantiruvchi hodisalar orasida 2-o‘rinni yashashning qimmatlashib ketayotgani (51 foiz), 3-o‘rinni Yevropa ittifoqining qarz inqirozi sababli soliq to‘lovchilar gardaniga tushayotgan yuk (49 foiz), 4-o‘rinni iqtisodiy vaziyatning yomonlashuvi (48 foiz) egallagan. Bundan tashqari, germaniyaliklarni tabiiy ofatlar, ekstremal ob-havo (44 foiz), xorijliklar kelishi ortidagi taranglik (43 foiz), qochqinlar sababli davlatga zo‘riqish tushishi (43 foiz) xavotirlantiradi. Shu bilan birga, koronavirusga chalinish qo‘rquvi Germaniya aholisining 32 foizinigina xavotirlantirar ekan. Bu xavotir umumiy reytingda 17-o‘rinni egallagan.
Mavzuga oid
20:26 / 12.11.2024
Germaniya bundestagida muddatidan oldin o‘tkaziladigan saylovlar sanasi ma’lum bo‘ldi
07:50 / 12.11.2024
Germaniyada Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlash pasaymoqda
20:57 / 11.11.2024
Germaniya TIV rahbari mudofaa xarajatlarini oshirishga chaqirdi
13:26 / 11.11.2024