Jahon | 14:53 / 11.09.2020
28857
7 daqiqa o‘qiladi

11 sentabr xurujlari – 19 yil ichida nimalar o‘zgardi?

Bugun 2001 yil 11 sentabr kuni AQShda sodir etilgan hujumlarga 19 yil to‘ldi.

Foto: Getty Images

Vashington va Nyu-York shaharlarida o‘g‘irlab ketilgan samolyotlar tomonidan uyushtirilgan hujumlarda tinch aholi vakillaridan 2977 kishi hayotdan ko‘z yumdi. Hujumlar natijasida 6 mingdan ortiq odam jarohat oldi.

AQSh iqtisodiyotiga yetkazilgan moliyaviy zarar 120 milliard dollardan oshiqroq, deb baholangan. Nyu-York shahri va uning infratuzilmasiga esa 60 milliard dollardan ortiq zarar yetkazilgan.

11 sentabr xurujlari dunyoda xavfsizlik siyosati va diplomatiya sohasida ko‘plab o‘zgarishlarni olib keldi. Shu sababli, ko‘pchilik bu kunni «dunyo o‘zgargan kun» deb ta'riflaydi.

2001 yil 11 sentyabrda nimalar ro‘y bergandi?
«Al-Qoida» tomonidan uyushtirilgan hujumlarda jami 19 nafar terrorchi deyarli bir vaqtning o‘zida parvoz qilgan to‘rtta yo‘lovchi samolyotini olib qochishgan.

Terrorchilar model pichoqlar bilan kabinaga kirib, samolyotlar nazoratini qo‘lga olishgan.

Ushbu samolyotlarning birinchisi Boston-Los-Anjyeles yo‘nalishida American Airlines aviakompaniyasining 11-sonli parvozini amalga oshirayotgan edi. Ushbu samolyot havoga ko‘tarilganidan so‘ng ko‘p o‘tmay, o‘z marshrutini Nyu-York tomonga o‘zgartiradi va shahar janubidagi Jahon savdo markazining shimoliy minorasiga borib uriladi.

Ikkinchi samolyot esa United Airlines aviakompaniyasining 175-reysi bo‘lib, u Bostondan Los-Anjyelesga jo‘nab ketayotgandi. Ushbu samolyot ham dastlabki halokatdan 17 daqiqa o‘tgach, Jahon savdo markazining janubiy minorasiga «sanchildi».

Samolyotlar qulashidan so‘ng minoralarda yong‘in chiqdi. Taxminan ikki soatdan so‘ng esa har ikkala minora ham qulab tushdi va 1,8 million tonnalik bir uyumga aylandi.

Ikkinchi samolyotning minoraga borib urilishidan ko‘p o‘tmay bayonot bergan prezident Jorj Bush ushbu voqeani terakt sifatida baholaydi.

Ushbu bayonotdan bir necha daqiqa o‘tgach, Vashington-Los-Anjyeles yo‘nalishida 77-reysni amalga oshirgan American Airlines yo‘lovchi samolyoti Pentagon binosining g‘arbiy tomoniga «kirib keldi».

Olib qochilgan to‘rtinchi samolyot esa United Airlines aviakompaniyasining Nyu-Jyersidan San-Fransiskoga uchadigan 93-reysi edi. Ushbu samolyot havoga ko‘tarilgandan so‘ng ko‘p o‘tmay Pensilvaniya shtatidagi bo‘sh maydonga qulab tushadi.

Xabarlarda aytilishicha, to‘rtinchi samolyotdagi yo‘lovchilar boshqa hujumlardan xabardor bo‘lishgani sababli tajovuzkorlarni to‘xtatishga urinishgan. O‘rtada kelib chiqqan janjal oqibatida samolyot halokatga uchragan. Biroq keyinchalik ilgari surilgan yana bir da'voga ko‘ra, hujumlardan so‘ng ushbu samolyot AQSh havo kuchlari tomonidan urib tushirilgan.

11 sentabr xurujlarini rejalashtirgani uchun uzoq vaqtdan beri Guantanamodagi qamoqxonada ushlab turilgan Xolid Shayx Muhammad va Remzi bin al-Shibh o‘z ko‘rsatmalarida so‘nggi samolyotning nishoni AQSh Kongressi binosi bo‘lganini aytishgan.

Dunyo qanday munosabatda bo‘ldi?
Iroqdan tashqari deyarli barcha davlat, shu jumladan, AQSh bilan diplomatik aloqalari bo‘lmagan mamlakatlar ham hujumlardan so‘ng AQShni qo‘llab-quvvatlashlarini ma'lum qilishdi.

Iroq tomonidan berilgan bayonotda esa «Amerikalik kovboylar insoniyatga qarshi jinoyatlarining mevasini yig‘moqdalar», deyildi. Hujumlardan keyin Falastin ma'muriyati, Afg‘oniston va Eron ham birdamlik xabarini berdi.

Shu tariqa, bir a'zoga qarshi qilingan har qanday hujum qolgan barcha a'zolarga ham qilinganini ifoda etuvchi NATO Xartiyasining 5-moddasi ilk bor amalda kuchga kirdi.

BMTning Xavfsizlik Kengashi (UNSC) hujumlarni qoraladi va «terrorizmga qarshi kurashda» har qanday harbiy qadamni tashlashga tayyorligini bildirdi.

AQSh qanday yo‘l tutdi?
Hujumlardan so‘ng AQShning ichki va tashqi siyosatida bir qator muhim o‘zgarishlar amalga oshirildi.

Birinchi navbatda, AQSh tarixida ilk marta mamlakat havo hududi yopildi va hujumlar paytida havoda bo‘lgan 500ga yaqin reyslar parvoz nuqtasiga qaytarildi yoki boshqa mamlakatlarga yo‘naltirildi.

Hujumlardan so‘ng e'lon qilingan favqulodda holat hali ham amalda. AQSh prezidenti Donald Tramp AQShda favqulodda vaziyat rejimini yana bir yilga uzaytirdi. 

Ichki xavfsizlik vazirligi tashkil etildi, PATRIOT nomli qonun qabul qilindi, «terrorizmga qarshi kurash»da amalga oshiriladigan ishlar batafsil bayon qilindi va Milliy xavfsizlik instituti (NSA) vakolatlari kengaytirildi.

Guantanamo orolida «noqonuniy dushman jangchilari» deb atalgan kishilar saqlanuvchi qamoqxona tashkil etildi. Ma'lum bo‘lishicha, bu yerda dunyoning turli burchaklaridagi «Al-Qoida» bilan bog‘liq ekanini taxmin qilingan kishilar Markaziy razvedka boshqarmasi tomonidan qiynab, so‘roq qilingan.

Hujumlardan so‘ng Kongressda tashkil etilgan 11 sentabr tergov komissiyasi mamlakat xavfsizligida jiddiy zaiflik bor degan xulosaga keldi. Shundan so‘ng AQSh razvedka tizimi qayta tuzildi.

11 sentabr xurujlaridan so‘ng AQSh tashqi siyosati ularning «Al-Qoida»ga qarshi kurashini qo‘llab-quvvatlamagan mamlakatlarni dushman sifatida qabul qilishini bildirdi.

Hujumdan ko‘p o‘tmay qilgan bayonotida prezident Jorj Bush Eron, Iroq va Shimoliy Koreyani «yovuzlik o‘qi» deb ta'rifladi.

AQSh «Terrorizmga qarshi kurash» strategiyasi doirasida avval Afg‘onistonni, so‘ng esa Iroqni ishg‘ol qildi.

AQShda millatchilik avj oldi. Federal Qidiruv Byurosining (FBI) 2014 yilda e'lon qilgan hisobotiga ko‘ra, 2001 yilga nisbatan nafrat bilan bog‘liq jinoyatlar kamaygan bo‘lsa-da, mamlakatda musulmonlarga qarshi qaratilgan jinoyatlar soni ortgan.

2017 yilda PEW tahliliy markazi tomonidan e'lon qilingan hisobotda 11 sentabr hujumlaridan keyingi 15 yil ichida musulmonlarga qarshi hujumlar 50 foizga oshgani aytiladi.

Pentagon. Foto: Getty Images

Yana nima o‘zgardi?
Eng muhim o‘zgarishlar yana biri aeroportlarda va fuqaro aviatsiyasida xavfsizlik choralari kuchaytirilganidir. Samolyotning uchuvchilar kabinasi eshiklari ochilishi qiyinlashtirilgan shaklda qaytadan ishlandi.

Fuqaro aviatsiyasi sanoati og‘ir iqtisodiy inqirozga uchradi. Ba'zi yirik aviakompaniyalar yopildi. Natijada AQSh Kongressi havo yo‘llari sektorini qo‘llab-quvvatlash uchun 15 milliard dollar miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatishga majbur bo‘ldi.

Nafaqat AQShda, balki dunyoning ko‘plab joylarida jamoat binolari va odamlar ko‘p yig‘iladigan hududlarda xavfsizlik choralari kuchaytirildi.

Mavzuga oid