«18 yoshgacha bo‘lgan bolalar ixtiyoriy tarzda ham paxta terishi mumkin emas» - Samarqand viloyat bandlik boshqarmasi
Samarqandda joriy yilgi paxta mavsumida majburiy va bolalar mehnatining oldini olish yuzasidan brifing o‘tkazildi. Viloyat Bandlik bosh boshqarmasi, viloyat Kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi va boshqa tashkilotlar vakillari masala yuzasidan ma'lumot berdi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
Brifingda ta'kidlanishicha, joriy yilda paxta terish ishlariga ixtiyoriy tarzda borishni istagan fuqaro ham avvalo fermer yoki klaster rahbarlari bilan shartnoma tuzishi kerak. Majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan har qanday tashkilot rahbari javobgarlikka tortiladi.
Rasmiylarga ko‘ra, tashkilotlar xodimlari jamoaviy tarzda, ko‘ngilli sifatida ham paxta terimiga jalb etilmaydi. Har bir ko‘ngilli fuqaro, o‘zi istagan mehnat organlari, bandlik agentligi yoki o‘zini-o‘zi boshqarish organlari orqali terim otryadlariga qo‘shilishi va shartnoma asosida paxta terishi mumkin.
Tadbirda 18 yoshdan kichik yoshlarning paxta terimiga jalb etilishi bilan bog‘liq savollarga javob berildi.
«Paxta terimiga bolalarning jalb etilishi ular buni o‘zlari istagan taqdirda ham mumkin emas. Chunki yurtimizdagi mavjud qonunchilikka ko‘ra, 18 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning mehnati qo‘llanilishi taqiqlangan bir qator mehnat turlari mavjud bo‘lib, bu ishlarda mehnat qilish noqulay deb belgilangan. Jumladan, paxta terish, veterinariya sanitari, ipak qurti zavodlari ishchisi, tamaki yig‘ish, tashish va birlamchi ishlov berish kabi bir qator mehnat turlari xuddi shu 18 yoshgacha bo‘lganlar uchun nomaqbul hisoblanadi», – dedi viloyat Bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Hoshimov.
Boshqarma ma'lumotiga ko‘ra, agar qaysidir hududda masalaga e'tiborsizlik bilan qaralsa, nafaqat paxta mavsumida, balki yil davomida ham majburiy mehnat holatlari sodir etilishi mumkin.
Jumladan, viloyat bo‘yicha shu yilning avgust oyiga qadar 4 ta majburiy mehnat holati tasdiqlanib, bunga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga jami 35 million so‘mdan ziyod jarima qo‘llanilgan.
Mavzuga oid
09:28 / 08.11.2024
Samarqandga 100 ta elektrobus olib kelinadi
10:53 / 07.11.2024
Misr Samarqand viloyati tuman va shaharlarida suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilishi mumkin
21:44 / 01.11.2024
Samarqandda avtobus salonini ayollar va erkaklar uchun ajratgan haydovchiga chora ko‘rildi
11:44 / 31.10.2024