Jahon | 23:50 / 11.09.2020
7589
2 daqiqa o‘qiladi

Kaliforniya osmoni yong‘inlar tufayli qizg‘ish rangga kirdi

Foto: DPA

AQShning Kaliforniya shtatidagi rekord ko‘lamdagi yong‘inlar 12 ming kvadrat kilometr maydonning kulini ko‘kka sovurdi va kamida 12 kishining o‘limiga sabab bo‘ldi. Yong‘inlar tufayli shtat osmoni qizg‘ish rangga kirdi.

Kaliforniyada joriy o‘rmon yong‘inlari avgust o‘rtasidan beri davom etmoqda. Bu shtatning zamonaviy tarixidagi eng katta ko‘lamli yong‘in hisoblanadi. 

Yong‘inga qarshi kurashda 14 ming o‘t o‘chiruvchi ishtirok etmoqda. Umuman olganda, 2020 yil boshidan beri o‘rmon yong‘inlari Kaliforniyadagi 12 ming kvadrat kilometr maydonni cho‘lu-biyobonga aylntirdi. Bu vaqt ichida shtatda yuz bergan 6 ta yong‘in yong‘inlar statistikasi olib borilayotgan 1930 yildan beri shtat tarixidagi eng yirik yong‘inlar qatoriga kirdi.

Foto: Reuters

Shtat osmoni kuchli yong‘inlar tufayli qizg‘ish tus olib, bu holat bir necha kundan beri davom etmoqda. Ta'kidlanishicha, ba'zi joylarda ushbu noodatiy hodisa tufayli kunduzi ham shunchalik qorong‘i bo‘lmoqdaki, chiroqlarni yoqishga to‘g‘ri kelmoqda, San-Fransiskoda esa avtomobillar chiroqlari yoqilgan holda harakatlanmoqda.

Mahalliy hokimiyatning ma'lum qilishicha, qurbonlar soni oshishi mumkin, chunki ba'zi hududlarga hozircha yetib borishning imkoni bo‘lmayapti. Olov, shuningdek, 3900 binoni yo‘q qilgan.

Ayni vaqtda Oregon va Vashington shtatlarida ham kuchli yong‘inlar davom etmoqda. Avvalroq Oregon shtatida 500 ming kishi yong‘inlar tufayli o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgani ma'lum qilingandi. 

 

Mavzuga oid