O‘zbekiston | 09:21 / 11.09.2020
2418
4 daqiqa o‘qiladi

Konlardan foydalanishning seysmogeodinamik jarayonlarga ta'sirini monitoring qilish takomillashtiriladi

Neft va gaz konlaridan foydalanishning seysmogeodinamik jarayonlarga ta'sirini monitoring qilishni takomillashtirish maqsad qilingan.

Vazirlar Mahkamasining “Neft va gaz konlaridan foydalanishning seysmogeodinamik jarayonlarga ta'sirini monitoring qilishni takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Fanlar akademiyasining neft va gaz konlaridan foydalanishning seysmogeodinamik jarayonlariga ta'sirini monitoring qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.

Quyidagilar:

neft va gaz konlaridan foydalanishning seysmogeodinamik jarayonlarga ta'sirini monitoring qilish tizimining tashkiliy-funksional tuzilmasi;

neft va gaz konlaridan foydalanishning seysmogeodinamik jarayonlarga ta'sirini monitoring qilish to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlanadi.

Quyidagilar Monitoring tizimining asosiy vazifalari etib belgilanadi:

neft va gaz konlaridan foydalanishning seysmogeodinamik jarayonlarga ta'sirini monitoring qilish maqsadida muntazam seysmologik, kompleks geologik-geofizik va kosmik geodezik kuzatuvlarni tashkil etish;

favqulodda vaziyatlarni keltirib chiqaruvchi kuchli zilzilalarning ehtimoli va ko‘lamini prognozlashtirish;

uglevodorod xomashyosini qazib chiqarayotgan mahalliy va xorijiy kompaniyalarni neft va gaz konlarida seysmiklikning o‘zgarishi to‘g‘risidagi axborot bilan ta'minlash.

O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligiga:

2020 yil 1 dekabrga qadar ekspluatatsiya qilinayotgan neft va gaz konlarida Monitoring tizimi joriy qilish uchun konlar ro‘yxati shakllantiriladi.

2021 yil 1 yanvardan:

umumiy cheklangan shtatlar soni hamda yillik xarajatlar smetasi doirasida boshqaruv apparatlari, hududiy bo‘linmalari va idoraviy mansub tashkilotlari tuzilmalariga Monitoring tizimi doirasida belgilangan vazifalarni bajarishga mas'ul mutaxassislar shtat lavozimlarini joriy etadilar;

respublikada mintaqaviy, mahalliy va maydon darajalarida seysmik xavfni, seysmik ta'sirni va seysmik risklarni baholash bo‘yicha mas'ul etib belgilangan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining G‘.O.Mavlonov nomidagi Seysmologiya instituti bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligi Seysmoprognostik monitoring Respublika markazi bilan kelishgan holda Monitoring tizimini joriy qilish, tegishli kuzatuvlar va tadqiqotlar o‘tkazish bo‘yicha xo‘jalik shartnomalarni o‘rnatilgan tartibda tuzadilar;

neft va gaz konlarida monitoring tizimini joriy qilish bilan bog‘liq xarajatlar yillik xarajatlar smetasida ko‘zda tutiladi;

Monitoring tizimi tegishli kuzatuvlar va tadqiqotlar o‘tkazish uchun ro‘yxatga kirgan ekspluatatsiya qilinayotgan neft va gaz konlari hududida zarur shart-sharoitlar yaratib beriladi;

Monitoring tizimi so‘rovnomasiga asosan tadqiqotlar uchun kerak bo‘ladigan barcha ma'lumotlar o‘rnatilgan tartibda taqdim etiladi;

Monitoring tizimi joriy etilishini hisobga olgan holda “Elektron hukumat” tizimi doirasida shakllantirilgan idoraviy axborot tizimlari funksiyalari takomillashtiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Energetika vazirligi bilan hamkorlikda ikki oy muddatda respublika hududida joylashgan neft va gaz konlarida monitoring tizimini bosqichma-bosqich tashkil etish bo‘yicha “Yo‘l xarita” ishlab chiqiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan hamkorlikda:

Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda uglevodorod xomashyosini qazib chiqarayotgan mahalliy va xorijiy kompaniyalar o‘rtasida alohida himoyalangan axborot almashinuvi tarmog‘ining o‘rnatilgan tartibda tashkil etilishini va uzluksiz ishlashini;

monitoring tizimini “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiya platformasi bilan integratsiya qilinishini ta'minlaydi.

“Elektron hukumat” va raqamli iqtisodiyot tizimining rivojlantirish doirasida idoralararo va idoraviy axborot tizimlari, ma'lumotlar bazalari, dasturiy mahsulotlarni yaratish va keyinchalik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha xarajatlar xo‘jalik shartnomalarida belgilanishi ko‘zda tutiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid