O‘zbekiston | 11:14 / 11.09.2020
3257
2 daqiqa o‘qiladi

YuNeSKOda O‘zbekiston nomoddiy merosi targ‘ibotiga doir sa'y-harakatlar taqdim etildi

2022-2026 yillarda O‘zbekistonning mamlakatdagi boy nomoddiy madaniy merosni saqlash va ko‘paytirishiga doir sa'y-harakatlari taqdimoti o‘tkazildi. 

Foto: Turizm qo‘mitasi

8-10 sentabr kunlari O‘zbekistonning doimiy vakolatxonasi Parijdagi YuNeSKO shtab-kvartirasida bo‘lib o‘tgan Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish Konvensiyasiga a'zo davlatlar Bosh assambleyasining 8-sessiyasida ishtirok etdi.

Turizm qo‘mitasi xabariga ko‘ra, nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha Hukumatlararo qo‘mita (NMMMHQ) a'zoligiga O‘zbekiston nomzodini ilgari surish doirasida 2022-2026 yillarda O‘zbekistonning mamlakatdagi boy nomoddiy madaniy merosni saqlash va ko‘paytirishiga doir sa'y-harakatlari taqdimoti o‘tkazildi. 

YuNeSKO shafeligida nomoddiy madaniy merosni ommalashtirishga yo‘naltirilgan tadbirlar (“Sharq taronalari”, “Maqom” va “Baxshi” musiqiy festivallari)ning o‘tkazilishida doimiy ko‘mak uchun - UNESCO kotibiyatiga, shuningdek O‘zbekiston elementlarini, jumladan 2019 yilda Xorazm lazgisini Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritishga doir sa'y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaganlik uchun NMMMHQga minnatdorchilik bildirildi. O‘zbekiston tomondan baxshilik san'atining YuNeSKO Reprezentativ ro‘yxatiga qo‘shilishida tashkilotga a'zo davlatlarning qo‘llab-quvvatlashiga umid bildirayotgani ta'kidlandi.

O‘zbekistonning 2003 yildagi Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish konvensiyasini bajarishga qat'iy sodiqligi tasdiqlandi. Shuningdek, nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish va targ‘ib qilish sohasida, shu jumladan mamlakatning salohiyatini mustahkamlash dasturlari va ta'lim sohasidagi loyihalarni amalga oshirishda hamda ushbu sektorga innovatsion texnologiyalarni joriy etishda YuNeSKO bilan hamkorlikni kengaytirishga respublika tomonidan qiziqish bildirildi. 

Mavzuga oid