Jahon | 23:34 / 13.09.2020
10265
3 daqiqa o‘qiladi

Mutaxassis oqqonlikning birinchi alomatlarini sanab o‘tdi

Foto: Depositphotos

Rossiya onkologlari uyushmasi a'zosi, tibbiyot fanlari nomzodi Roman Temnikov qon saratonining birinchi alomatlari haqida so‘zlab berdi. 

“Leykozlarni erta bosqichda to‘g‘ri tashxislash haqiqatan murakkabdir. Odatda, kasallik tibbiy ko‘riklar yoki bemor shifokorga boshqa sababga ko‘ra murojaat qilganda aniqlanadi”, deb ta'kidlab o‘tgan shifokor.

Uning aytishicha, qon saratonining erta bosqichida bosh og‘rig‘i va aylanishi, ishtahaning pastligi, tana haroratining sababsiz ko‘tarilishi, nimjonlik va toliqqanlik, tez-tez infeksiyalarga uchrash va vaznning keskin yo‘qolishi namoyon bo‘lishi mumkin. 

Hushdan ketish, lab va tirnoqlarning ko‘karishi, taxikardiya, yuqori tana harorati, nafas olishdagi muammolar, suyaklar va bo‘g‘imlardagi og‘riq, terida toshma toshishi, limfa tugunlarining kattalashishi, buyrak va taloqning kattalashishi, qorinning shishishi va yaralarning yomon bitishi leykozning kechki bosqichlaridan darak berishi mumkin.

Onkologning ta'kidlashicha, qon formulasining o‘zgarishi – trombotsitlar va eritrotsitlarning kam hajmdaligi ortida yetilmagan elementlarning ko‘pligidan birinchi navbatda sergak tortish lozim.

“Ushbu kasallikda normal qon hosil kilinishi izdan chiqadi, buning evaziga suyak iligida yetilmagan leykotsit hujayralar soni oshib ketadi, shundan uning eski nomi – leykemiya yoki oqqonlik kelib chiqqan”, deb tushuntirib o‘tgan mutaxassis.  

Uning ta'kidlashicha, kasalliklarga qarshi kurashishning asosiy sharti hamon kasallikning erta aniqlanishi bo‘lib qolmoqda, shu sababli shifokorlar sog‘lom hayot tarzi yuritishni, stresslarga berilmaslikni va kamida yarim yilda bir marotaba tibbiy ko‘rikdan o‘tishni tavsiya qilishadi.

Onkologlar yomon sifatli o‘simtalarga nasliy moyillik bo‘lsa, tashxislashni ushbu kasallik qarindoshida necha yoshida aniqlangan bo‘lsa, shu yoshdan 5 yil ertaroq yoshda o‘tkazilishini tavsiya qilishmoqda.

Mavzuga oid