Jahon | 12:37 / 13.09.2020
7538
2 daqiqa o‘qiladi

Nobel mukofotiga nomzodligi e'tiborsiz qoldirilgani Trampni achchiqlantirdi

AQSh prezidenti Donald Tramp AQSh telekanallarini o‘z nomzodining tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga ilgari surilishini e'tiborsiz qoldirilganlikda aybladi. U bu haqda Nevada shtatida o‘z tarafdorlari oldidagi chiqishi vaqtida aytib o‘tdi.

Foto: Getty Images

Tramp shu o‘rinda undan avvalgi prezident Barak Obama Oq uyga kelishi bilanoq Nobel mukofotini olganini eslatib o‘tgan. «U aslida mukofotni nima uchun olganini ham bilmagan. U bu borada haq bo‘lgan, chunki hech kim buni tushunmagan. Biz esa shuncha ish qildik», deb achchiqlangan Tramp.

AQSh prezidenti o‘z nomzodining mukofotga ilgari surilishini juda muhim deb bilishini va telekanallar nima uchun buni be'etibor qoldirganlari u uchun tushunarsizligini ta'kidlab o‘tgan. «Faraz qiling, mamlakatingiz prezidenti Nobel mukofotiga ilgari surilgan bo‘lsa-yu, rasvo yangiliklar beriluvchi ABC’dagi, CBS’dagi va ayniqasa, NBC’dagi kechki yangiliklar bu haqida biror narsa demasa», deb ranjigan Tramp.

9 sentyabrda Norvegiyaning «Taraqqiyot partiyasi»dan deputat Kristian Tibring-Gedde Tramp nomzodini tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga ilgari surdi. Uning ta'kidlashicha, AQSh prezidenti o‘z siyosiy faoliyati davomida tinchlik o‘rnatish uchun boshqa nomzodlardan ko‘ra ko‘proq ish qilgan. Jumladan, Tramp ma'muriyati Isroil va BAA o‘rtasida munosabatlar o‘rnatilishida muhim rol o‘ynagan.

AQShning avvalgi prezidenti Barak Obama Oq uyga kelgandan 9 oy o‘tib tinchlik uchun Nobel mukofoti bilan taqdirlangan. Nufuzli mukofot Obamaga «xalqaro diplomatiya va odamlar o‘rtasidagi kooperatsiyani mustahkamlashdagi sa'y-harakatlari uchun» topshirilgan.

Mavzuga oid