O‘zbekiston | 07:45 / 15.09.2020
3634
2 daqiqa o‘qiladi

Pandemiya davrida Samarqand viloyatining qishloq xo‘jalik mahsulotlari o‘ziga yetadimi?

Bu haqda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Jamshid O‘roqov ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

Aytish mumkinki, joriy yilning bahor oylarida qishloq xo‘jalik mahsulotlari, xususan, kartoshka-piyozning narxi ko‘tarilib ketdi. Ushbu holat nafaqat aholi, balki hokimiyat vakillarini ham tashvishga soldi. Xo‘sh, joriy qish-bahor oylarida bunday vaziyat takrorlanmaydimi?

Hokim o‘rinbosarining aytishicha, shu paytga qadar Samarqand viloyatida 3200-3500 gektar yerga kartoshka ekib kelingan. Joriy yilda esa 9800 gektar yerga kartoshka ekilgan. O‘z navbatida 56 milliard so‘m bank krediti, 40 milliard tadbirkorlarning o‘z mablag‘i aynan sifatli kartoshka urug‘i xarid qilish uchun ajratilgan.

Har yili 18 ming tonna kartoshka zaxira qilingan bo‘lsa, joriy yilda 40 ming tonna kartoshka zaxira yaratilyapti. Demak, «ikkinchi non» hisoblangan kartoshkaning o‘zi viloyat iste'molidan uch-to‘rt barobarga ortiq.

«Pandemiya qancha muddatga cho‘zilishini bilmaymiz. Ushbu vaziyatda ayniqsa, ehtiyojmand, kambag‘al oilalar qiynalib qolishi mumkin. Hozirgi vaqtda viloyatda 45 mingdan ortiq kambag‘al oila ro‘yxatga olingan. Nasib etsa, qish-bahor oylarida birinchi navbatda kambag‘al oilalarga asosiy turdagi qishloq xo‘jalik mahsulotlarini bepul yetkazib berishni rejalashtiryapmiz», dedi J.O‘roqov.

Shuningdek, viloyatda sabzi, piyoz va guruch zaxirasi ham yaratilyapti. Xorazm viloyati, Toshkent shahri va Qoraqalpog‘iston Respublikasiga ham ushbu mahsulotlar yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan. 

 

 

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid