O‘zbekiston | 15:05 / 15.09.2020
23567
3 daqiqa o‘qiladi

«Tavsiyalarga amal qilmasak, maxsus komissiya karantinni kuchaytirishga majbur bo‘ladi» – Otabekov 15 oktyabrdan karantin qaytishi ehtimoli haqida

Kasallik tarqalishi avj olsa O‘zbekistonda ham karantin choralari qaytarilishi istisno etilmaydi.

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Nurmat Otabekov O‘zbekistonda 15 oktyabrdan karantin choralari yana qattiq kuchaytirilishi kutilayotgani haqidagi savolga javob berdi.

«Avvalo shuni ta'kidlash kerakki respublikamizda hali karantin choralari bekor qilinmagan, balki yumshatilgan. Ammo fuqarolarning noto‘g‘ri tushunganliklari natijasida aholi orasida koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni kamaymayotgani sir emas.

Bir narsani unutmaslik kerakki, karantin tadbirlari kuchaytirilishi va yumshatilishi bizning xatti-harakatlarimizga bog‘liq. Agar biz karantin va cheklov tadbirlarini mensimas ekanmiz, profilaktik tadbirlarni unutib qo‘yarkanmiz, mutaxassis shifokorlarning tavsiyalariga rioya etmas ekanmiz, u holda kasallik ko‘payib ketishiga va Respublika Maxsus komissiyasini karantin choralari kuchaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilishga majbur qilamiz», dedi u AOKAda o‘tkazilgan brifingda.

Shuningdek, u qo‘shni davlatlar bilan chegara qachon ochilishi haqidagi savolga ham javob qaytardi.

«Bugungi kunda Tashqi ishlar vazirligi, Transport vazirligi bilan birgalikda barcha turdagi xalqaro qatnovlarni tiklash bo‘yicha xorijiy mamlakatlar bilan muzokaralar olib borilmoqda va qatnovlarni bosqichma-bosqich tiklash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda», dedi shtab a'zosi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda mart oyida joriy etilgan qat'iy karantin may oyiga kelib yumshatilgan, ammo iyul oyi boshida kunlik kasallanish holatlari soni yana oshib ketgach, 10 iyuldan karantin qaytarilgandi. Maxsus komissiya 15 avgustdan karantin choralarini yumshata boshladi va sentabr oyida asosiy cheklovlar bekor qilindi.

So‘nggi hafta davomida mamlakatda kuniga 600ga yaqin yangi kasallanish holati qayd etilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusdan kasallanish bilan bog‘liq holatlar soni 48 mingdan oshgan, shu vaqtgacha 44,5 mingdan ortiq kishi sog‘ayib chiqqan, 400 bemor vafot etgan, ayni vaqtda 3 266 nafar bemorga shifokorlar tomonidan belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda. Ulardan 451 nafari og‘ir, 243 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid