O‘zbekiston | 09:02 / 16.09.2020
3517
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa koinot agentligi Yerni asteroidlardan himoyalash uchun 129 million yevro ajratdi

Foto: EPA/Vostock-photo

Yevropa koinot agentligi (ESA) Germaniyaning sun'iy yo‘ldoshlarga ixtisoslashgan OHB kompaniyasi boshchiligidagi konsorsium bilan HERA qurilmasini ishlab chiqish bo‘yicha 129,4 mln dollarlik bitimni imzoladi. Qurilma Yerni unga xavf soluvchi asteroidlardan himoyalash uchun mo‘ljallangan.

Bitim doirasida OHB ESA’ga a'zo 17 ta davlat kompaniyalaridan iborat guruh ishlanmalariga rahbarlik qiladi. HERA’ning fazoga uchirilishi 2024 yil oktyabriga belgilangan.

U NASA agentligining DART zondi missiyasining bir qismi hisoblanadi. Zondni 2021 yil oktyabrda Didymos va Dimorphos qo‘sh asteroidiga jo‘natish rejalashtirilgan. Zond asteroidlardan kichigi – Dimorphos’ga urilib, uni Yer bilan to‘qnashishi mumkin bo‘lgan yo‘nalishdan og‘dirishi kerak. Zondning asteroid bilan to‘qnashuvi 2022 yil sentyabriga belgilangan.

HERA esa 2026 yilda asteroidga yaqinlashib, AQSh zondining unga bergan zarbasini va uning orbitadan qanchalik og‘ganini 6 oy davomida o‘rganadi.

160 metr diametrga ega Dimorphos Yer bilan to‘qnashgudek bo‘lsa, butun bir shaharni yo‘q qilishi mumkin. U o‘zidan yirikroq Didimos asteroidi atrofida aylanadi. 

Mavzuga oid