Jahon | 22:15 / 18.09.2020
21211
8 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi vaziyat: Jami holatlar soni 30 milliondan oshgan, isroilliklar yana uylariga qamaldi

Britaniya epidemiologlari mamlakatda kasallanish holatlari soni juda tez ortayotganidan xavotirda, Isroil yana umummilliy karantinga yopildi, Chexiya virus tarqalishi bo‘yicha Yevropada ikkinchi o‘ringa chiqdi.

Foto: Getty Images

Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyo bo‘ylab 30,2 millionga yaqin odam koronavirusni yuqtirgan, shundan 946 mingdan ortiq kishi vafot etgan.

Isroil dunyoda umummilliy karantinni ikkinchi bor joriy etgan ilk mamlakat bo‘ldi. Odamlar faqat favqulodda holatlar ro‘y berganda o‘z uylarini tark etishlari mumkin, harakatlanish doirasi qat'iy cheklangan. Lokdaun boshlanishi Rosh xa-Shananing (yahudiylar yangi yili) birinchi kuniga to‘g‘ri keldi. An'anaga ko‘ra bayram bir hafta davom etadi va shu davrda odamlar bir-birinikiga tashrif buyuradi.

So‘nggi vaqtlarda Isroilda Covid-19 bilan kasallanish statistikasi keskin ko‘tarildi va rasmiylar karantin joriy etilishi virusning keyingi tarqalishini susaytiradi deb hisoblashmoqda. Isroilda pandemiya boshlanganidan beri deyarli 177 ming kishi koronavirus bilan kasallangan, 1169 kishi vafot etgan.

Isroilliklar yana uylarini tark etishi mumkin emas

Yevropada kasallanish holatlarining keskin o‘sishi
Payshanba kuni Chexiyada Covid-19’ning yangi holatlari bo‘yicha navbatdagi kunlik rekord qayd etildi - 3130 bemor. Mamlakat sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, Yevropada pandemiya boshlangan mart oyida ham bu kabi ko‘rsatkich kuzatilmagan. So‘nggi bir necha kun ichida Chexiyada kasallik jiddiy avj olmoqda.

Chexiya ommaviy axborot vositalarining yozishicha, har 100 ming kishiga to‘g‘ri keladigan yangi holatlar soni bo‘yicha Chexiya Yevropada Ispaniyadan keyin ikkinchi o‘rinni egalladi. Mamlakatda epidemiya boshlanganidan beri 44,1 ming kishi virus yuqtirgan. Shu bilan birga, o‘lim statistikasi Yevropadagi eng qoniqarli darajada: 489 nafar qurbon. 1 sentyabrdan boshlab jamoat joylarida va transportda niqob taqish majburiyligi qoidasi mamlakat bo‘ylab yana kuchga kirdi, 10 sentyabrdan kafe, restoran va ko‘ngilochar maskanlarda qo‘shimcha cheklovlar joriy etildi.

Fransiyada epidemiologik vaziyat yana keskin yomonlashgani qayd etildi

Nitssa rasmiylari 10dan ortiq odam ishtirok etuvchi yig‘inlarga taqiq joriy etish masalasini muhokama qilmoqda. Avvalroq, Marsel ma'muriyati shu kabi choralarni e'lon qilgandi. Dushanba kunidan boshlab Fransiya rasmiylar yangi virus bilan kasallanganlar soni har kuni barqaror ravishda ko‘payib borayotganini qayd etishmoqda. Ushbu hafta davomida mamlakat bo‘ylab o‘nlab maktablar yopib qo‘yildi. Ayni paytda, fransuz kasaba uyushmalari odamlarni Fransiya hukumatining pandemiya oqibatida kelib chiqayotgan iqtisodiy tanazzulga qarshi yetarli choralar ko‘rmayotganiga qarshi norozilik bildirishga chaqirmoqda.

Bugungi kunga qadar Fransiyada 454,2 ming kishi koronavirus bilan kasallangan, 31,1 ming kishi vafot etgan.

London hukumati ham Britaniya poytaxti hayotining bir qator sohalarida, xususan, umumiy ovqatlanish joylarida cheklov choralarini joriy etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Juma kuni shahar meri Sodiq Xon Temza daryosi ustida yangi yilga bag‘ishlangan salyut bekor qilinishini aytdi. Bu an'anaviy ravishda qishki ta'tilning eng yorqin voqealaridan biri bo‘lib, odatda minglab odamlarni jalb qilardi.

Irlandiyalik olimlarning so‘nggi tadqiqotlari shuni ko‘rsatdiki, Covid-19’ni boshdan kechirgan bemorlarning yarmi davolagandan so‘ng uzoq vaqt davomida kuchsizlikdan aziyat chekmoqda. Ularning fikriga ko‘ra, tez charchashni, kasallikning og‘irlik darajasidan qat'i nazar, boshdan kechirilgan virusning muqarrar oqibatlaridan biri deb atash mumkin.

Britaniyada xavotirli vaziyat
Britaniyada bemorlar soni keskin ko‘payishi mamlakat epidemiologlarini xavotirga solmoqda. Ularning fikriga ko‘ra, kuzning boshlanishi bilan o‘z-o‘zidan o‘sish kutilgan edi, ammo uning hozirgi tezligi juda tahlikali. Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha ilmiy maslahat guruhi (inglizcha qisqartmasi SAGE - «donishmand») hukumatga ko‘ngilochar muassasalar va restoranlar ish vaqtini cheklashni va ingliz maktablarining ta'til kunlari bilan qisman to‘g‘ri keluvchi (26 oktyabrdan boshlanuvchi hafta) ikki haftalik keng ko‘lamli lokdaun joriy etish mumkinligini taklif qilmoqda.

GETTY IMAGES

Dushanbadan beri mamlakatda «oltilik qoidasi» amal qilmoqda: bitta tom ostida yashamaydigan odamlar olti kishi ko‘p bo‘lib (hatto uyda ham) to‘planishi mumkin bo‘lmaydi. Juma kunidan boshlab Angliya shimoli-sharqidagi ba'zi hududlarda qo‘shimcha cheklovlar kuchga kirdi va yaqin kunlarda ular yana uchta graflikda joriy etiladi: Lankashir, G‘arbiy Yorkshir, Mersisayd, shuningdek, Midlends markazidagi hududlar.

Biroq, ushbu choralardan tashqari, hukumat zudlik bilan Covid-19 uchun test tizimini qoniqarli holatga keltirishi kerak, deya ta'kidlaydi epidemiologlar. Britaniya laboratoriyalari namunalarni tahlil qilishga ulgurmayapti, eng yomon ahvol Angliyada kuzatilmoqda.

London Imperial kolleji olimlari yangi ishlanmani - ma'lumotlarni laboratoriyada qayta ishlashni talab qilmasdan tezkor tahlil o‘tkazuvchi maxsus apparatni taqdim etishdi. Uning yordamida test natijalarini olish uchun 90 daqiqa vaqt ketadi. Moslama poyabzal qutisiga teng bo‘lib, uni boshqarish oson.

Shu bilan birga, yangi qurilma qayta ishlanmagan ko‘plab namunalarga dosh berolmaydi, chunki u bir vaqtning o‘zida faqat bitta tahlilni amalga oshirishi mumkin, kuniga esa ko‘pi bilan 16ta. Hozirgi kunda bunday qurilmalar mamlakatdagi sakkizta kasalxonada qo‘llanmoqda. Qurilmalarning ommaviy ishlab chiqarilishi uzoq vaqt talab etadi, ammo vaqtning o‘zi yo‘q, deydi olimlar.  

Boshqa yangiliklar

Lokdaundan keyin Katta teatr sahnasiga qaytgan Anna Netrebko koronavirus yuqtirib oldi

Lotin Amerikasidagi pandemiya o‘chog‘i Braziliyadan Argentinaga ko‘chmoqda. O‘tgan kun davomida mamlakatda yangi kasallanish holatlarining rekord darajadagi ko‘rsatkichi qayd etildi - 13 ming. Argentinada virus yuqtirish holatlarining umumiy soni 600 mingdan oshgan, 12 mingdan ortiq kishi hayotdan ko‘z yumgan.

Mamlakatda mart oyida joriy qilingan lokdaun hali ham o‘z kuchida, ammo avgust oyining ikkinchi yarmida ba'zi yengilliklar amalga oshirildi. Xususan, argentinaliklar 10 kishigacha to‘planishi mumkin, ba'zi restoranlar ochilgan. Biroq, 5 sentyabrdan boshlab kasallik yana keskin tarqala boshladi.

Shu bilan birga, qit'aning eng ko‘p zarar ko‘rgan mamlakatlari - Braziliya va Meksikada epidemiyani nazoratga olishning uddasidan chiqishdi va hatto ba'zi hududlarda virus tarqalishi sekinlashdi. Ushbu ikki davlatdagi holatlar statistikasi Argentinaga qaraganda yuqori bo‘lishiga qaramay, 100 ming kishiga to‘g‘ri keluvchi bemorlar soni bo‘yicha Argentina ulardan ancha oldinda.

Argentinada mart oyida joriy etilgan lokdaun faqat avgust oxiriga kelib yumshatila boshlangandi

Avstraliya hukumati mamlakatga kirishi mumkin bo‘lgan avstraliyaliklar sonini haftasiga 4 ming kishidan 6 ming kishiga ko‘paytirdi. Kirishga cheklovlar tufayli 30 mingga yaqin avstraliyaliklar Buyuk Britaniyadan uylariga ucha olishmayapti. Ko‘pchilik Hitrou aeroportida bir necha kun yashashiga to‘g‘ri kelmoqda.

Mavzuga oid