Moskvalik shifokorlar guruhi koronavirusga qarshi kurashish uchun O‘zbekistonga uchib kelyapti
Moskvalik 35 nafar shifokordan iborat guruh O‘zbekistonda mahalliy mutaxassislarga COVID-19 bilan kasallanganlarni davolashda maslahat, uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatish uchun keladi.
Moskva shahar Sog‘liqni saqlash departamenti matbuot xizmatining xabar berishicha, ko‘p tarmoqli tibbiyot guruhiga L.A.Voroxobov nomidagi 67-sonli shahar klinik kasalxonasi jarrohi Konstantin Pokrovskiy rahbarlik qilmoqda. Ilgari u Vladikavkaz va Tiva Respublikasidagi hamkasblariga yordam bergan shifokorlar guruhlarini boshqargan.
«Bu Moskva Sog‘liqni saqlash departamenti shifokorlarining koronavirus bilan kurashishda yordam berish uchun ikkinchi davlatlararo tibbiy tashrifidir. Iyul oyida poytaxt shifokorlari Qozog‘istondagi hamkasblariga yordam berishdi», - deyiladi xabarda.
Ko‘p tarmoqli guruh tarkibiga yuqumli kasalliklar bo‘yicha shifokorlar, anesteziolog-reanimatologlar, rentgenologlar, laboratoriya diagnostikasi bo‘yicha shifokor, anestezistlar - hamshiralar, epidemiologlar, kislorod-gazlashtirish xizmati boshlig‘i, pulmonologlar va terapevtlar kiradi.
«Bu poytaxtdagi o‘n beshta yetakchi shifoxona, shuningdek, Moskva Sog‘liqni saqlash departamentining uchta bolalar va ikkita yuqumli kasalliklar shifoxonalari shifokorlaridir», - deyiladi matbuot xizmati xabarida.
Tibbiy guruhlar ishga kirishish uchun zarur bo‘lgan barcha narsalar, shu jumladan shaxsiy himoya vositalari bilan jihozlangan.
O‘zbekistonda rossiyalik mutaxassislar vaziyatni baholaydi hamda mahalliy shifoxonalar shifokorlariga konsultativ-diagnostik yordam ko‘rsatadi. Jamoalar COVID kasalxonalariga tashrif buyuradi, kasallik profilaktikasida yordam beradi, «qizil» hududdagi bemorlarni qabul qiladi va tekshirishdan o‘tkazadi, turli mutaxassislikdagi shifokorlar uchun o‘quv seminarlarini o‘tkazadi.
Mavzuga oid
11:47 / 13.11.2024
Moskvada chaqiriluvchilarga Rossiyadan chiqib ketish taqiqlangani haqida xabar berildi
19:24 / 27.10.2024
Moskvada xorijlik migrantlar uchun patent narxi qariyb 20 foizga oshadi
12:56 / 25.10.2024
Germaniyaning Moskvadagi elchisi RF TIVga chaqirildi
12:12 / 28.09.2024