Jahon | 19:22 / 20.09.2020
23183
2 daqiqa o‘qiladi

Hindiston bosh vaziri tavallud kuni nishonlanishi vaqtida pufaklar tutami portlab ketdi (video)

Hindistonning Chennay shahrida mamlakat bosh vaziri Narendra Modining 70 yillik tavallud ayyomi munosabati bilan o‘tkazilgan bayramda 30 kishi jarohat oldi. Bunga vodorod bilan to‘ldirilgan bir tutam pufaklarning portlashi sabab bo‘lgan.

Foto: Videodan kadr

Modi yubileyi 17 sentyabrda nishonlangan bo‘lsa-da, voqea 18 sentyabrda yuz bergan. Modining Hindiston xalq partiyasidan tarafdorlari o‘z yetakchilarining tug‘ilgan kunini nishonlash uchun yig‘ilishgan. Shunda baxsiz voqea yuz bergan: pufaklar oldida kimdir yondirgichni yoqqan va buning natijasida vodorod gazi bilan to‘ldirilgan pufaklar portlab ketgan.  

Ushbu hodisa aks etgan videoda olovli to‘lqin bir zumda hammayoqni qoplab olgani va tadbirga yig‘ilgan 100ga yaqin kishining kiyimi va sochlariga o‘t ketganini ko‘rish mumkin. Yonayotgan pufak bo‘laklari bir necha metr atrofga otilib ketgan va yong‘in keltirib chiqarishiga bir bahya qolgan. Voqea oqibatida 30 kishi jarohat olgan, ulardan 3 nafari shifoxonaga tushgan.

Keyinroq aniqlanishicha, ushbu tadbirni o‘tkazishga ruxsat olinmagan bo‘lgan, u haqida na politsiya va na mahalliy ma'muriyat xabardor qilingan. Tadbir tashkilotchilari bu holat yuzasidan tergovchilarga tushuntirish berishlariga to‘g‘ri kelgan.

Mavzuga oid