Light | 21:59 / 20.09.2020
21525
12 daqiqa o‘qiladi

Mashina va robotlar ishsizlikka sababchimi? Iqtisodiyot qanday ishlashi haqida

Iqtisodiy farovonlikka bir hovuch kishilardan tashkil topgan davlat apparatining qarorlari bilan emas, har bir fuqaroning iqtisodiy jarayonlardagi ongli ishtiroki bilan erishiladi.

Foto: Issei Kato / Reuters

Iqtisodiyot – ko‘pchilik uchun tushunarsiz va murakkab soha. Ammo aynan mana shu murakkablik bahonasida nafaqat aholining, balki lavozim egalarining ham iqtisodiy savodxonligi pastligi bir qator siyosiy muammolarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Noto‘g‘ri iqtisodiy qarorlar mamlakat aholisining turmush farovonligiga ta'sir ko‘rsatishdan tortib, yirik inqirozlarga ham olib kelishi mumkin.

Amerikalik Henri Hezlitt «Butun iqtisodiyot bitta darsda: iqtisodiyot asoslarini tushunishning eng qisqa va ishonchli usuli» (Economics in One Lesson: The Shortest and Surest Way to Understand Basic Economics) kitobida iqtisodiyotni sodda tilda tushuntirishga harakat qiladi.

Kun.uz’ning foydali adabiyotlar, ilmiy-ommabop kitoblarning eng asosiy mazmunini konspekt holida berib boriluvchi ruknida bu gal iqtisodiy mexanizmlarning qanday ishlashi Hezlitt nuqtayi nazaridan bayon etiladi.

Hezlittning ta'biricha, har bir fuqaro iqtisodiyotni bazaviy darajada bo‘lsa-da tushunishi shart, aks holda davlat uni qay tomonga boshlayotganini bilmaydi. Iqtisodiy farovonlikka bir hovuch kishilardan tashkil topgan davlat apparatining qarorlari bilan emas, har bir fuqaroning iqtisodiy jarayonlardagi ongli ishtiroki bilan erishiladi.

Siniq oyna haqidagi yanglish xulosa

Haqiqiy qiymatga ega narsaning sababsiz yo‘q qilinishi sof ziyon hisoblanadi. Ammo har doim ham bunday bo‘lmasligi mumkin.

Tasavvur qiling, bolakay novvoyxona derazasini tosh bilan urib sindirdi. Oyna sindi, novvoyning jahli chiqdi, chunki u zarar ko‘radi. Ammo hodisaga boshqa nuqtayi nazardan qaralsa, singan oyna oynasozga ish paydo qiladi. U oynani tuzatishdan topgan 100 ming so‘mga nimadir xarid qiladi, o‘z navbatida, sotuvchi ham savdodan kelgan 100 ming so‘mni qayergadir sarflaydi. Qarabsizki, jamiyatda pul harakatining zanjiri hosil bo‘ladi. Kelib chiqadiki, singan oyna pulni harakatga keltirdi, bir necha kishining bandligini ta'minladi, bunga esa bezori bolakay sabab bo‘ldi.

To‘g‘ri, o‘rtada novvoy zarar ko‘rdi. Oynani tuzatish uchun sarflangan 100 ming so‘mga yangi kiyim olishi mumkin edi. Ham butun oynali, ham kiyimli bo‘lishning o‘rniga unda hozir faqatgina oyna bor. Ustiga-ustak, unga kiyim tikib berishi mumkin bo‘lgan tikuvchi ham buyurtmasiz qoldi. Uning puli oynasozga ketdi.

Masalaning mohiyati shundaki, bir qarashda bezorilik novvoyga faqatgina zarar keltirgandek, vaholanki, u qancha odamga foyda ham keltirdi. Iqtisodiyotda ham xuddi shunday – yomon iqtisodchi faqatgina sahnadagi harakatlarni baholaydi, yaxshisi esa sahna ortidagilarini ham ko‘ra oladi.

Mashinalar ishsizlikka sababchimi?

Mashinalar, avtomatizatsiya jarayoni ishsizlikni keltirib chiqaradi, degan yanglish fikr mavjud. Vaholanki, bu absurd xulosalarni keltirib chiqaradi. Mohiyatan olib qaralsa, ibtidoiy davrlardan beri insonning harakati o‘z hayotini yengillashtirish va qulaylashtirishga qaratilgan. Mashinalar ham hayotni yengillashtirishini inobatga olsak, qulaylikka intilish muammolarning boshlanishiga sabab bo‘lar ekan-da? Texnik taraqqiyot va ixtirochilik jamiyat uchun zararlimi? Katta yukni minglab odamlar orqali tashish mumkin bo‘lganda temiryo‘ldan foydalanishga na hojat?

Ammo unutmaslik kerakki, bir sohada ishchilar o‘rnini texnika egallasa, bu sohadagi odamlar ko‘chada qoladi degani emas. Bitta sohada bandlikning qisqarishi boshqasida uning ortishiga turtki beradi. Texnikadan foydalanish orqali kompaniya egasi ishchi kuchiga kamroq xarajat qiladi, tejalgan pulga esa faoliyatini kengaytirish, boshqa sohaga investitsiya kiritish, o‘z iste'molining hajmini oshirishi mumkin. Har uchala holatda ham iqtisod qilingan pul boshqa sohani harakatga keltiradi.

Davlat bandlikni ta'minlashi kerakmi?

Eng keng tarqalagan yanglish fikrlardan biri – dunyoda ish hajmi cheklangan, uni barcha insonlar o‘rtasida teng taqsimlashga maksimal harakat qilish kerak. Ana shu yanglish fikr asosida davlat maksimal darajada ko‘proq odamni ish bilan ta'minlashga harakat qiladi. Ammo natijada bir kishi qilishi mumkin bo‘lgan ish ikki kishi o‘rtasida taqsimlanadi. Ish beruvchi birovni ish bilan ta'minlangani bilan, endi uning oylikka xarajati oshadi, daromadi kamayadi. Deylik, endi u ofisining ta'miriga pul ajrata olmaydi.

Mehnatiga zarurat yuqori bo‘lmagan xodimning ish bilan ta'minlangani quruvchining ishsiz qolishiga olib keldi.

Bandlik masalasida bilish kerak bo‘lgan yana bir jihat. Faoliyati tugatilishi kerak bo‘lgan tashkilot yopilsa, undagi 50-100 nafar odam ishsiz qoladi. Bu salbiy holatdek baholanadi. Ammo tashkilot yopilgach, ularni oylik maosh bilan ta'minlashga sarflanayotgan pullar endi boshqa joyga yo‘naltiriladi. Bu esa o‘z navbatida yana pul harakatiga sabab bo‘ladi.

Shu bilan birga, aholining hammasini band qilish ham imkonsiz. Birinchidan, insoniyat boshdan kechirayotgan jamiki iqtisodiy o‘sish mehnat resurslarini qisqartirgan holda ishlab chiqarish hajmini oshirishga qaratilgan.

Ikkinchidan, ishsizning o‘z tanloviga asoslanmagan to‘la bandlik holati – iqtisodiy o‘sish sur'atlari past davlatlarda kuzatiladigan holdir. Shuning uchun davlat 1 yilda bir necha yuz mingta yangi ish o‘rni yaratish haqida emas, ishlab chiqarish hajmlarini oshirish va turmush darajasini ko‘tarish haqida bosh qotirishi kerak.

Import biz o‘ylaganchalik qo‘rqinchli emas

Biz qisqa muddatli foydalar orqasidan quvib, uzoq muddatli manfaatlar haqida unutib qo‘yamiz. Import masalasida ham xuddi shunday. Uni ko‘pchilik mahalliy iqtisodiyot uchun zararli deb o‘ylaydi. Ammo u o‘ylanganchalik yomon emas.

Deylik, qimmat narxda ko‘ylak ishlab chiqaradigan amerika kompaniyasi bor. U AQSh hukumatiga borib: «Minglab ishchilarim bor. Agar siz jyemper ishlab chiqaruvchi Britaniya kompaniyalarining mamlakatga kirishiga sharoit yaratsangiz, men bankrot bo‘laman, ishchilarim ko‘chada qoladi», deydi. Darhaqiqat, Britaniya kompaniyalari Amerikaga to‘siqsiz kirsa va o‘zining sviterlarini arzon narxda sotsa, mahalliy tadbirkor bankrot bo‘ladi, ishchilar ko‘chada qoladi, sotuvchilar zararga qoladi. Ammo uzoq kelajakdagi natija qanday bo‘ladi?

Uzoq kelajakda amerikaliklar inglizlarning arzon jyemperlarini ko‘proq xarid qilishlari hisobiga Britaniyada ishlab chiqarish hajmi oshadi. Amerikaliklar inglizlarga dollar berishadi, bu esa inglizlarga o‘z navbatida Amerika mahsulotlarini sotib ola bilishlari uchun zamin yaratadi. Qarabsizki, Amerika Britaniya importini qabul qilish hisobiga, o‘zining eksporti uchun ham yo‘l ochadi.

To‘g‘ri, Amerikaning jyemper ishlab chiqaruvchi fabrikasi ishchilari son jihatdan qisqardi, ammo Britaniyaga eksport qiluvchi boshqa Amerika kompaniyalarida ish o‘rnining o‘sish ehtimoli oshadi.

Shuningdek, muayyan mahsulotni mahalliy sharoitda ishlab chiqarish har doim o‘zini oqlamasligi, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun ketadigan resurslardan ko‘ra, chetdan import qilib qo‘ya qolish osonroq va manfaatliroq bo‘lishi mumkin.

Proteksionizmning zararli oqibatlari haqida

Mahalliy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida importga cheklovlar qo‘yish iqtisodiyotda proteksionizm deyiladi. Yuqoridagi holatda jyemper ishlab chiqaruvchi Britaniya kompaniyalariga nisbatan proteksionizmning qo‘llanishi amerika xalqini arzon mahsulotdan mahrum qiladi. Natijada ular qimmatroq bo‘lgan amerikancha jyemperlarni sotib olishga majbur bo‘ladi, qarabsizki, boshqa xarajatlarga kamroq pul qoladi. Boshqa yo‘nalishlarda mahsulot xarid hajmi kamayadi, bu esa o‘sha sohalarga zarar keltiradi. Proteksionizm Amerikaning jyemper ishlab chiqaruvchi kompaniyasini himoya qilgani bilan, boshqa kompaniyalarga zarar keltiradi.

Eksportga qanchalik intilsak, importdan shunchalik qo‘rqamiz. Ammo normal holatda import va eksport o‘zaro muvozanat holatida bo‘lishi kerak. Eksport orqali biz importga pul to‘laymiz, va aksincha, agar importni qabul qilmasak, xorijdagilarning bizning mahsulotimizni xarid qilishga puli bo‘lmaydi. Kelib chiqadiki, xalqaro savdoda ishtirok etuvchi mamlakatlarga faqatgina eksport emas, balki import ham foydali.

Davlat maoshlarni ko‘tarishi kerakmi?

Mamlakatda oylik maosh hajmining eng minimal ko‘rsatkichlari nazorat qilinishi har doim ham stabillikka olib kelmasligi mumkin. Buni quyidagi misolda ko‘rib chiqamiz.

Deylik, davlat 100 dollarni eng kam oylik ish haqi sifatida belgilab qo‘ydi. Ammo oylik mehnatini 100 dollarga baholashning imkoni bo‘lmagan ishchi endi nima qiladi? Ish beruvchi unga 100 dollardan kam berishi mumkin emas, ammo qilinadigan mehnat 100 dollarni oqlamaydi. Natijada ish beruvchi ishchiga ortig‘i bilan maosh to‘lashga majbur bo‘ladi.

Bu bilan parallel ravishda ishsizlik nafaqasining ehtimoliy salbiy tomonlarini ham ko‘ra olish kerak.

Oylik maoshning eng kam hajmi 100 dollar, ishsizlik nafaqasi esa 70 dollar. Mehnatini 90 dollarga sotishi mumkin bo‘lgan fuqaro buni amalga oshira olmayapti, natijada hech narsa qilmagani uchun 70 dollar oladi. Qolaversa, davlat jamiyatni uning xizmatlaridan mosuvo etadi. Uni ishlash imkoniyatidan mahrum qiladi va o‘zi mehnat qilib topishi mumkin bo‘lgan summadan kamroqqa yashashga majbur qiladi.

Bunda ishsizlik nafaqasini oshirish yechim bo‘la olmaydi. Agar uning hajmi 100 dollar qilib qo‘yilsa, foydali mehnat ham, bekorchilik ham bir xil qiymatda baholanayotgan bo‘lib chiqadi.

Oylik maoshni oshirishning eng samarali yo‘li – kam daromadli mehnat samaradorligini ko‘tarishdir. Ishchi qanchalik ko‘p ishlab chiqara olsa, jamiyat shunchalik boyiydi va ish beruvchi ham uning mehnatini shunchalik yuqori baholaydi.

Pul boylik emas

«Pul» va «boylik» tushunchalari ayri-ayri. Boylik biz ishlab chiqaradigan va iste'mol qiladigan tovarlar – oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim, binolar bilan o‘lchanadi. Pul esa savdo qilish uchun vosita. Pul massasini ko‘paytirish o‘sha valutaning xarid quvvatini kamaytiradi, ya'ni narxlar oshadi, xarid quvvati esa pasayadi.

Agar hukumat yig‘ayotgan soliqlaridan ko‘ra ko‘proq xarajat qilsa, inflatsiya ehtimoli yuzaga keladi. Inflatsiya esa, tabiiyki, iqtisodiyot uchun yaxshi emas.

Iqtisodiyot – davlat aholi turmush farovonligini ta'minlash uchun qo‘llayotgan strategiyalarning ham qisqa muddatli, ham uzoq kelajakdagi natijasini o‘rganuvchi fan.

Iqtisodiyot hozir real hayotda bo‘lganidek bir hovuch kishilar shug‘ullanadigan emas, butun aholi birdek ega bo‘lishi shart bo‘lgan bazaviy bilimga aylanishi kerak.

Shundagina davlatning harakatlarini «nega?» va «qanday qilib?» savollari orqali tahlil qilish mumkin.

Saodat Abdurahmonova tayyorladi.

Mavzuga oid