19:07 / 20.09.2020
14524

«O‘zbekneftgaz»: Uzbekistan GTL zavodi qurilishining yakuniy bosqichi boshlandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida 135 gektardan ziyod maydonda barpo etilayotgan «Uzbekistan GTL» zavodining qurilish ishlari 2020 yil yakuni bilan tugallanishi bo‘yicha topshiriqlar berilgan edi.

Davlat rahbari topshiriqlari ijrosini bajarish, mavjud muammo va kamchiliklarni o‘rganib, joyida bartaraf etilishini ta’minlash maqsadida «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligida «Ishchi guruh» Qashqadaryo viloyatidagi «GTL» zavodida bo‘ldi.

Tashrif davomida, GTL investitsiya loyihasi amalga oshirilishi, qurilish-montaj ishlar bajarilishi, zavodning bir qator uskuna va texnologik qurilmalarni ishga tushirish-sozlash oldi ishlar bajarilishi jarayonlari hamda zavodni ishga tushirish va ekspluatatsiya qiladigan personalni tayyorlashga alohida e’tibor berildi.

Butun dunyodagi koronavirus pandemiyasi «Uzbekistan GTL» zavodining qurilish jarayoniga ham o‘z salbiy ta’sirini o‘tkazmay qolmadi. Avval xabar berilganidek, zavod qurilishida qatnashayotgan ishchi-xodimlar o‘rtasida koronavirus infeksiyasi tarqalgani tufayli qurilish maydonida ishchilar soni kamaytirilgan edi.

Bugungi kunda qurilish maydonida epidemiologik vaziyat to‘liq barqarorlashgan bo‘lib, jami 10 mingdan ziyod quruvchi va mutaxassislar jalb qilingan va bir necha smenada, karantin talablari asosida ishlarni davom ettirmoqdalar. Shu jumladan, mingdan ziyod maxsus texnika jalb qilingan. Sentabr oyi yakuniga qadar quruvchilar soni 13 minggacha kupaytirilishi rejalashtirilgan.

Loyiha operatori «Uzbekistan GTL» MChJning Bosh direktori Faxritdin Abdurasulov hamda qurilishning Bosh pudratchisi «Enter Engineering Pte. Ltd.» kompaniyasining mas’ul xodimlari Ulug‘bek Usmanov va Shuhrat Arziyevlar boshchiligida «GTL» zavodining qurilishi uzluksiz davom ettirilmoqda, shu jumladan parallel ravishda ishga tushirish oldi va sozlash ishlar amalga oshirilmoqda.

Investitsiya loyihasini amalga oshirish yakuniy bosqichga kirib, jami loyiha bajarilishi 90 foizdan oshdi. Qurilish-montaj ishlari 73 foizga bajarilgan. Joriy yilning oktabr oyida zavodga elektrenergiya uzatilishi va yordamchi qurilmalarini sozlash va ishga tushirish oldi ishlarni bajarilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, zavodning energota’minot texnologik qurilmalarini ishga topshirish ketma-ketligi belgilangan bo‘lib, sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish asosiy qurilmalarini sozlash va ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘riladi.

Hozirda zavod hududida obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari ham amalga oshirilmoqda. Zavod qurilishi yakunlanishi joriy yilning dekabr oyida belgilangan.

Tashrif davomida «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi tomonidan loyiha doirasida ishlarni jadallashtirish va muvaffaqiyatli yakunlash yuzasidan zarur bo‘lgan topshiriqlar berildi.

Qashqadaryo viloyatidagi «Uzbekistan GTL» zavodi ishga tushirilishi bilan O‘zbekistonga aviakerosin va dizel yoqilg‘isining importi sezilarli darajada qisqaradi. 2021 yilda «GTL» zavodi to‘liq loyiha quvvatiga bosqichma-bosqich chiqishi bilan birga, unda tabiiy gazdan sintetik dizel yoqilg‘isi, aviakerosin, nafta va suyultirilgan gaz ishlab chiqarilishi boshlanadi. Zavod tabiiy gazni chuqur qayta ishlash quvvatlarini salohiyatini kengaytirish, uglevodorodlar importini kamaytirish, mamlakatning zamonaviy, sifatli va ekologik toza yoqilg‘iga bo‘lgan ehtiyojini qoplash, shuningdek, bozorni o‘z xomashyosidan ishlab chiqarilgan strategik mahsulotlar bilan ta’minlash imkonini yaratadi.

To‘liq loyiha quvvatiga erishgach, zavodda yiliga 3,6 milliard kub metr tabiiy gaz (metan) qayta ishlanadi va 1,5 million tonna yuqori sifatli sintetik suyuq yoqilg‘i, jumladan, 307 ming tonnadan ortiq aviakerosin, 724 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 437 ming tonna nafta va 53 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqariladi.

Loyihaning umumiy qiymati 3,61 milliard dollardan ziyodni tashkil etadi.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Top