Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Britaniya qirollik oilasining daromadlari kamaydi, endi maosh ham qisqaradimi?
Koronavirus va lokdaun nafaqat oddiy odamlarga, balki kazo-kazo va hokazolarga ham ta'sir qildi. Britaniya qirollik oilasining daromadlari ham sezilarli darajada kamaygani ma'lum bo‘ldi. Yo‘q, endi qirollik oilasi shohona kechki ovqat o‘rniga burger yeyishga o‘tadi, deb o‘ylashga shoshilmang. Ahvol unchalik yomon emas.
Oylikka yashaydigan qirolicha
Yelizaveta II davlat budjetidan ajratiladigan grant asosida yashaydi. Ko‘p emas, yiliga «atigi» 82 million funt atrofida. Ammo qirolichani koyishga shoshilmang: u o‘tgan yil davlat g‘aznasiga 330 million funt foyda keltirgan. Shunday ekan, britaniyalik bo‘lsangiz, xotirjam bo‘lavering, fuqarolarning qirolichaga haqqi ketib qolmagan.
Ammo karantin hammasini o‘zgartirib yubordi.
Britaniyada Crown Estate nomli qirollik oilasiga tegishli ko‘plab ko‘chmas mulk va yerlar mavjud. Ularning umumiy qiymati 13 milliard funtga baholangan. Shaxsan qirolicha boshqaruvidagi bu mulklarning ijarasi har yili Britaniya g‘aznasiga 345 milliard funtgacha pul tushirardi. Bu ko‘chmas mulklar London markazida, xususan, Ridjyent-stritdagi nufuzli hududda joylashgan. Shuningdek, qirolichaga tegishli ko‘plab savdo markazlari, riteyl-parklar bor. Hatto suv tubida ham unga qarashli hudud bor.
Karantin sababli qimmat hududlardagi do‘konlarda mijozlar kamaydi, ofislar bo‘shab qoldi, ijara to‘lash borasida imtiyozlar e'lon qilindi. Masalan, mart-iyun oylarida ijaradan odatdagi pullarning 2/3 qismi tushgan. Bu haqda ish boshqaruvchi Dan Lebbad Financial Times'ga ma'lum qilgan.
Eng yomon holat London markazidagi do‘konlarda kuzatilgan. Chunki ular ijara pulining faqat yarmini to‘lashgan. Keyingi uch oyda ham shunday bo‘lishi kutilmoqda. Parlamentga hisobot topshirgan Lebbad karantin sabab nafaqat qirollik oilasining daromadlari, balki boyliklarning qiymati ham tushganini ma'lum qilgan.
Yuqorida qirollik xonadoni ko‘chmas mulklar ijarasidan yillik 345 million funtgacha daromad ko‘rgani aytildi. Bu yil esa Crown Estate ijarasidan hozircha 87 million funt pul tushgan. Bu qirolichaga bir yil uchun ajratiladigan subsidiya miqdoriga teng. Biroq bu qirolichaga beriladigan yillik grant miqdori kamayishidan darak bermaydi. Shunday bo‘lsa ham, «ko‘z yosh to‘kish»ga hojat yo‘q.
Qirolichaning mashhurligi, unga bo‘lgan butun dunyodagi qiziqish Britaniyadagi milliy mahsulotlar narxini o‘rtacha 1,5 milliard funtga oshiradi. Ya'ni, qirolicha degan nomning o‘zi Britaniyaga har yili shuncha foyda keltiradi. Bu faraz emas, Brand Finance konsalting kompaniyasining hisob-kitoblari xulosasi. Qirolicha butun dunyodagi eng mashhur va eng qimmat brendlardan biri hisoblanadi.
«Qora kunlar kelib» Britaniya qirollik oilasiga davlat berayotgan grant miqdori kamaysa ham, buni halokatli holat deb bo‘lmaydi. Chunki qirollik oilasining yana boshqa tirikchilik manbalari bor. Masalan, Shotlandiyadagi Balmoral qal'asi, Lankasterdagi Sandringem saroyining o‘zi Yelizaveta II'ga yiliga 20 million funt keltiradi. Qirolichaning o‘g‘li, Uels shahzodasi Charlz ham yer va ko‘chmas mulk ijarasidan yiliga shuncha daromad ko‘radi. Xullas, Britaniyada qirollik oilasi har qanday holatda och qolmaydi. Biroq dunyodagi eng qudratli hisoblanuvchi sulolaning daromadlari kamayib, yuqorida sanaganimiz kabi hisob-kitoblarga o‘rin qolyaptimi, koronavirus qozon qaynatish uchungina ishlaydigan oddiy oilaning ahvoliga qanday ta'sir qilganini tasavvur qilavering...
Mavzuga oid
16:53 / 04.06.2026
Buyuk Britaniyada 18 yoshli talaba o‘limi tufayli namoyish va tartibsizliklar ro‘y berdi
08:44 / 02.06.2026
Sasseks universiteti O‘zbekistonda kampus ochish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda
21:22 / 22.05.2026
Britaniyada TikTok va YouTube bolalar uchun xavfsiz emas deb topildi
23:07 / 20.05.2026