O‘zbekiston - Turkmaniston siyosiy maslahatlashuvlari bo‘lib o‘tdi
«O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-Ummon» xalqaro transport-kommunikatsiya yo‘lagini shakllantirish bo‘yicha Ashxobod kelishuvini tezroq amalga oshirish taklifi ilgari surildi.
2020 yilning 21 sentabr kuni O‘zbekiston va Turkmaniston tashqi siyosiy idoralari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlar navbatdagi raundi videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tdi.
TIV xabariga ko‘ra, delegatsiyalarga O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov boshchilik qildi.
Muzokaralar chog‘ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, suv xo‘jaligi, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va aloqalarni rivojlanish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Tashqi ishlar vazirlari ilgari erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarning bajarilishini tahlil qildilar va qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish muddatlari, shu jumladan, Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Turkmaniston hukumatlararo komissiyasining navbatdagi raundi, O‘zbekiston-Turkmaniston ishbilarmonlar kengashining birinchi yig‘ilishini o‘tkazish muddatlari to‘g‘risidagi takliflarni ko‘rib chiqdilar.
Transport, transport-kommunikatsiyalari va tranzit sohasidagi aloqalarni kengaytirishga qiziqish bildirildi. Vazirlar «O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-Ummon» xalqaro transport-kommunikatsiya yo‘lagini shakllantirish bo‘yicha Ashxobod kelishuvini tezroq amalga oshirish tarafdori ekanliklarini ma'lum qildilar.
Muzokaralarda ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi o‘zaro aloqalar, shuningdek, Afg‘oniston muammosiga alohida e'tibor berib, xalqaro va mintaqaviy kun tartibining ayrim masalalari ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, tomonlar koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish va pandemiyaning ikki tomonlama hamkorlikka ta'sirini kamaytirish bo‘yicha birgalikdagi sa'y-harakatlar to‘g‘risida fikr almashdilar.
Mavzuga oid
16:23 / 28.10.2024
Turkmaniston Rossiyaga gaz yetkazib berishni to‘xtatdi
22:15 / 25.10.2024
BMT Markaziy Osiyoni «Tinchlik, ishonch va hamkorlik hududi» deb e’lon qildi
18:51 / 12.10.2024
Ashxoboddagi ko‘chaga prezidentni davolagan nemis shifokorining nomi berildi
13:35 / 08.10.2024