Jahon | 20:32 / 23.09.2020
5844
2 daqiqa o‘qiladi

JSST rahbari koronavirus pandemiyasi vaqtida yolg‘on axborot ko‘payganidan ogohlantirdi

Dunyoda koronavirus pandemiyasi tobora avj olayotgan bir vaqtda odamlar hayotini xavf ostiga qo‘yishi mumkin bo‘lgan yolg‘on axborot va mish-mishlar ham ko‘paymoqda. Bundan JSST rahbari Tedros Adxanom Gebreyyesus ogohlantirib o‘tdi.

Photo: Getty Images

“Dunyoda koronavirus tarqalayotgani sayin u bilan bog‘liq mish-mishlar, yolg‘on ham ko‘proq tarqalmoqda. Bu yolg‘on axborot koronavirusning o‘zi kabi xavfli bo‘lishi mumkin. Juda ko‘p odamlar yolg‘on axborotga ishonib, o‘zini zaharli kimyoviy moddalar va xavfli dori vositalari bilan davolashga urinib o‘ziga ziyon qildi”, deb ta'kidlab o‘tdi Gebreyyesus BMT Bosh assambleyasidagi nutqida.

“Ba'zi hollarda yolg‘on ma'lumotlar sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari, alohida shaxslar yoki milliy ozchilik yoki qochqinlar kabi zaif qatlamlarga nisbatan shafqatsizlik kilinishiga olib keldi”, deb qo‘shimcha qilgan JSST rahbari. 

Gebreyyesusning ta'kidlashicha, yolg‘on axborot, shuningdek, “yordamga muhtoj odamlarga ko‘mak ko‘rsatilishida to‘siq bo‘lib xizmat qilgan yanglish fikrlar” hajmining oshishiga sabab bo‘ldi, “fan, sog‘liqni saqlash institutlari va tizimlariga ishonchning yo‘qolishiga” olib keldi. Gebreyyesusning aytishicha, “vaholanki, ishonch va birdamlik” koronavirusga qarshi kurashda muhim omillar hisoblanadi. “Ishonchga putur yetkazuvchi barcha narsa odamlar hayotini xavf ostiga qo‘yadi”, deb ta'kidlab o‘tgan JSST rahbari.

Mavzuga oid