Barrett – taqvodor katolik hisoblanadi. Uning 7 nafar farzandi bor. Barrett Oliy sud hay'atidagi uchinchi ayol bo‘lishi mumkin. Shuningdek, u Trampning Oliy suddagi uchinchi odamiga aylanadi.

Emi Barrettning nomzodini taqvodor konservatorlar qo‘llab-quvvatlashi kutilmoqda. Chunki u abortlarga qarshi ekanini yashirmagan. Konservatorlar Barrettning kelishi bilan 1973 yilda chiqarilgan Oliy sudning abortlarga qonunan ruxsat berilishi to‘g‘risidagi qarori bekor qilinishiga umid qilmoqda.

Biroq Barrett xonimning o‘zi e'tiqodi ish faoliyatiga ta'sir o‘tkazmasligini aytib, 1973 yildagi Oliy sud qarorini o‘zgartirishga urinmasligini aytgan. U abortlar butunlay cheklanmasa ham, hech bo‘lmasa tug‘ishga yaqin qolganda amalga oshiriladigan abortlarga ruxsat berilmasligiga umid qiladi. U abortlarni amalga oshiradigan klinikalar faoliyatini ham o‘zgartirish kerak deb hisoblaydi.

OAVda Tramp ilgari surayotgan nomzod faol muhokama qilinmoqda va asosan uning e'tiqodi diqqat markazida bo‘lib turibdi. Masalan, inson huquqlarini himoya qilishini ta'kidlovchi Human Righs Campaign tashkiloti Barrettning nomzodini keskin qoralab, uni noodatiy oriyentatsiyadagi odamlar uchun xavf deb atadi. Shuningdek, Barrett a'zo bo‘lgan diniy guruhga tegishli maktablarda yoshlarga faqat qarama-qarshi jins vakillarigina oila qurishi mumkin degan g‘oyalar o‘rgatilishi ham tanqid qilingan.

Foto: Olivier Douliery/AFP/Getty Images

Emi Barrett faoliyatini Antonin Skaliya ofisida boshlagan. 2016 yilda vafot etgan bu sudya Emi Barrett o‘rnini egallashi kutilayotgan marhum Rut Ginzburg bilan do‘st bo‘lgan.

Amerikadagi saylovlarga o‘lim aralashdi. Bundan kim yutadi?

AQSh Oliy sudi qanday tuzilma?

Bu AQShning eng oliy sud instansiyasi bo‘lib yuqori darajadagi muammolar bo‘yicha hal qiluvchi qarorni qabul qiladi. Oliy sud hay'ati 9 kishidan iborat bo‘ladi va ular AQSh prezidentlari tomonidan butun umrga tayinlanadi.

AQSh Oliy sudi odatda apellyatsion instansiya ko‘rinishida ishlaydi, ya'ni chiqargan qarorlari muhokama qilinmaydi. O‘z navbatida, birinchi instansiya sudi ko‘rinishida ham ishlashi mumkin. Ya'ni, aytaylik, ikki shtat sudlashganda tomonlardan biri Oliy sud qarori bo‘yicha apellyatsiya berishi mumkin. Yoki Oliy sud ko‘rgan ish mamlakatning birinchi raqamli insonlari bilan bog‘liq bo‘lsa ham, shunday bo‘lishi mumkin.