Jahon | 15:58 / 30.09.2020
9840
2 daqiqa o‘qiladi

Parijda «portlash» ovozi eshitildi. Politsiya bu qiruvchi samolyot ovozi ekanini ma'lum qildi

Fransiya poytaxti Parijda portlash ovozi eshitildi. Bu haqda qator mahalliy nashrlar bir vaqtda yozishdi.

Foto: Getty Images

Gumburlagan ovoz Fransiyada o‘tayotgan «katta dubulg‘a» turkumidagi «Rolan Garros-2020» tennis musobaqasi translatsiyasi vaqtida ham eshitildi. Shveytsariyalik Sten Vavrinka hamda germaniyalik Dominik Kyopfer o‘rtasidagi bahsning birinchi setida qattiq gumburlash eshitilgach, tennischilar bir muddat to‘xtab qolishdi. Tashkilotchilar tomonidan hech qanday ishora bo‘lmagach, sportchilar bahsni davom ettirishdi.

Parij politsiyasi tezda bu borada ma'lumot berdi. Politsiya xabariga ko‘ra, bu gumburlagan ovoz portlash sabab yuzaga kelmagan. Shunchaki Parij osmoni bo‘ylab sinov parvozini amalga oshirayotgan qiruvchi samolyotlardan biri ovoz chegarasini kesib o‘tgan.

Parijdagi gumburlagan ovoz sabab #Paris heshtegi Twitter'da trendga chiqib ketdi. Bir necha daqiqa ichida Twitter'ning inglizcha kontentida Parijdagi gumburlagan ovoz haqida 20 mingdan ortiq post qo‘yildi.

Foydalanuvchilar qiruvchi samolyotning ovoz chegarasini kesib o‘tishi chindan portlashga o‘xshagan ovoz chiqarishi haqida yozib, buni isbotlovchi videolar ham ulashdi.

Mavzuga oid