O‘zbekiston | 22:17 / 02.10.2020
5286
2 daqiqa o‘qiladi

Regent Corp ishi: sud eshituvlarini yangi sudya olib boradi

2 oktabr kuni Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida «Regent Corp» MChJ bilan bog‘liq sud eshituvlari bo‘lib o‘tdi. Bugungi kunning muhim yangiligidan biri sudni boshqa sudya – Ibragimov Anvar olib borishi bo‘ldi. Endilikda «Regent Corp» MChJ da'vosi bilan bog‘liq eshituvlarni ushbu sudya olib boradi.

Bundan tashqari, sud eshituvlarida Toshkent shahar hamda Mirobod tumani hokimliklari mas'ul vakillari ham ishtirok eta boshladi. Qayd etish kerakki, qo‘shma korxona tomonidan kiritilgan da'vo arizasi bo‘yicha ochiq sud eshituvlariga turli OAV vakillari qiziqish bildirmoqda.

Bugun da'vogar tomon da'vosi, javobgar fikrlari tinglandi. O‘zaro savollarga javoblar olindi. Tadbirkor va hokimlik vakillari qator hujjatlarni sudga taqdim etdi.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 8 sentabr kuni Kun.uz «Poytaxt hokimligi qo‘shma korxona faoliyatiga sun'iy to‘siq qo‘ymoqda. Investorning aybi nimada?» sarlavhali tanqidiy maqola e'lon qilgan edi.

Unda O‘zbekiston, Buyuk Britaniya, BAA va Qozog‘iston tadbirkorlari tomonidan tashkil etilgan «Regent Corp» QK bilan Toshkent shahar hokimligi o‘rtasida anglashilmovchilik vujudga kelgani, hokimlik zimmasidagi majburiyatni bajarmaganligi, shu bilan birga, investorni asossiz ayblayotgani, muammo hal etilmasa, bir necha milliard so‘mlik investitsiya loyihasi barbod bo‘lishi mumkinligi haqida yozilgan edi.

Shundan so‘ng, Toshkent shahar hokimligi tomonidan mazkur maqolaga munosabat bildirilgan bo‘lib, ushbu ish Ma'muriy va Iqtisodiy sudlar tomonidan ko‘rib chiqilayotgani ta'kidlangan edi.

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid