O‘zbekiston | 20:15 / 05.10.2020
13337
2 daqiqa o‘qiladi

Uzbekistan Airways iste'molchilarga aviachipta pulini qaytarib bermayotgani tanqid qilindi

Bugun, 5 oktabr kuni Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasida Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi ishtirokida «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun ijrosi muhokama qilindi. Tadbirda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Najmiddinxo‘ja Sharipov pandemiya davrida mijozlarga aviachiptalar puli qaytarilmasligi qonunga zid ekanligini aytib o‘tdi.

«Odatda iste'molchilar tomonidan aviachiptalar ancha erta xarid qilinadi. Chunki chiptani parvozdan oldin qancha erta sotib olsangiz, shuncha arzon bo‘ladi. Asosan, turizm maqsadida 6 oy oldin sotib olingan chiptalar juda ko‘p va ularning pulini qaytarish juda dolzarb masalaga aylandi. Mart oyidan aviatashuvlar bekor qilindi. Fuqarolar chipta pulini qaytarib olish uchun aeroportga murojaat qilishsa, vaucher tizimi qo‘llanishi, ya'ni chiptaning ma'lum foizi to‘lanishi, lekin hammasi birdaniga to‘lab berilmasligi aytilmoqda.

Vaucher tizimi Yevropa mamlakatlarida ham qo‘llandi. Aviakompaniyalar chipta pulini vaqtida qaytarmasa, ular javobgarlikka tortildi. Rossiyada aviakompaniyalar vaucher tizimiga o‘tish bo‘yicha hukumatga taklif bilan chiqdi. Bu hukumat tomonidan ko‘rib chiqilib, chipta puli qay tartibda va muddatda to‘lab berilishi bo‘yicha me'yoriy hujjat ishlab chiqildi.

Bizda bu holat bir tomonlama bo‘lib qolyapti. Monopolist kompaniya -  Uzbekistan Airways AJ murojaat qilgan mijozga vaucher qilib beramiz, deb javob beryapti. Bunday javob berishga ularda qonuniy asos yo‘q. «Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi, «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunlardan kelib chiqib, iste'molchilar huquqlari himoya qilingan holda, Uzbekistan Airways’ga nisbatan ish qo‘zg‘atib, ko‘rsatma berishimiz kerak. Bu ishlarni hozir amalga oshiryapmiz.

Bu masalani hukumat darajasiga ko‘tarish kerak. Agar Uzbekistan Airways pullarni mijozlarga qaytarib beradigan bo‘lsa va bundan moliyaviy zarar ko‘rishini bilsa, buni aniq tahlillar, hisob-kitoblar bilan isbotlab bersin va bu harakatlarni hukumat darajasida amalga oshirsin. Bunday bo‘lmasa, kompaniya iste'molchilarga pulini darhol qaytarsin», dedi Sharipov.

Mavzuga oid