O‘zbekiston | 12:03 / 06.10.2020
6351
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda haydovchining avtomobil boshqaruvini yo‘qotishi oqibatida uch kishi vafot etdi

Mazkur holat yuzasidan Qarshi tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi boshlig‘i tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

2020 yilning 5 oktabr kuni soat 17:00da 33 yoshli A.S. o‘zining boshqaruvidagi “Neksiya” rusumli avtomashinasini Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidan Nishon tumaniga qarab boshqarib borayotib yo‘l-transport hodisasiga uchragan.

IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, A.S. 4R-89 raqamli “Qarshi-Nishon-Talimarjon” avtomobil yo‘lining 8-kilometriga kelganida avtomashina boshqaruvini yo‘qotib, yo‘lning o‘ng tomoniga chiqib ketib, yo‘l-transport hodisasi sodir qilgan.

Oqibatda, avtomashina yo‘lovchisi, 54 yoshli M.O. olgan tan shikasti natijasida hodisa sodir bo‘lgan joyda vafot etgan, yo‘lovchilar, 58 yoshli B.X. va 54 yoshli A.E. og‘ir tan shikasti bilan RShTYoIM Qashqadaryo filialining “Jonlantirish” bo‘limiga yotqizilgan, biroq ko‘rsatilgan tibbiy muolajalariga qaramasdan shu kuni vafot etishgan.   

Mazkur holat yuzasidan Qarshi tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi boshlig‘i tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odamlar o‘limiga sabab bo‘lsa) jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Ushbu jinoyat ishi Qashqadaryo viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi ish yurituviga olingan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid