Jahon | 22:56 / 07.10.2020
28531
4 daqiqa o‘qiladi

SSV koronavirus statistikasida bemorlar soni kamaytirib ko‘rsatilayotgani haqidagi tanqidlarga javob qaytardi

Cog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati koronavirusga gumon qilingan, infeksiya tasdiqlanmagan va pnevmoniyaga chalingan bemorlar rasmiy statistikaga kiritilmasligini yana bir bor ta'kidladi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda koronavirusdan davolanayotganlar soni, xususan, Samarqand viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar bo‘yicha berilgan Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy statistik ma'lumotlariga nisbatan tanqidiy munosabat aks etgan bayonotga javoban quyidagilarni ma'lum qilamiz.

Vazirlik  koronavirus bilan bog‘liq statistik raqamlarni yashirishdan manfaatdor emas. Bundan tashqari, koronavirus statistik ko‘rsatkichlari Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan olib boriladi va unga maxsus laborator (PZR) tibbiy tekshiruvlar (shu jumaladan, nodavlat tibbiyot muassasalarida o‘tkazilgan test natijalari) orqali kasalligi tasdiqlangan bemorlargina kiritiladi. 

Ayrim simptomlar mavjud bo‘lib, koronavirusga gumon qilingan, lekin infeksiya tasdiqlanmagan, shuningdek, pnevmoniya yoki o‘tkir respirator infeksiyasiga chalingan yoki ularga gumon qilingan bemorlar, tabiiyki, umumiy rasmiy statistikada hisobga olinmaydi.

Qolaversa, hozirda mavsumiy yuqumli respirator kasalliklar avj oladigan kuz fasli boshlanganini inobatga olsak, turli virusli kasalliklarning aholi orasida avj olishi ham davolash muassasalaridagi bemorlar sonining ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda. 

Yuqumli kasalliklarga ixtisoslashgan shifoxonalar hamda yurtimizning qator hududlaridagi Saralash va taqsimlash markazlari, shuningdek, vaqtinchalik «COVID» shifoxonalarida, jumladan, Samarqand va Andijon viloyatlarida ham bunday bemorlar statsionar sharoitda davolanishmoqda», deyiladi xabarda.

Ma'lum qilinishicha, hozirda Samarqand viloyatida 14ta tuman va 2ta shahar aholisi uchun 41ta shifoxonada, jami 11 763 shifo-o‘rinlari mavjud. 

Shundan koronavirusga chalingan bemorlarni davolash hamda kasallikda gumon qilingan bemorlar boshqa bemorlardan alohidalash uchun yuqorida ko‘rsatilgan 14ta tuman va 2ta shaharda 2 950ta shifo-o‘rni yaratilgan.  

«Hozirda ushbu shifo-o‘rinlarida koronavirusga gumon qilingan, lekin PZR laborator tekshiruvida tasdiqlanmagan (shu jumladan, klinik simptomlari o‘xshash bo‘lgan mavsumiy yuqumli respirator kasalliklarga chalingan) bemorlarning boshqa turdagi kasalliklardan alohida statsionar davolanishi tashkil etilgan.

Shu yil 7 oktabr holatiga ko‘ra, viloyatda JSST tavsiyalari asosida koronavirus infeksiyasi aniqlangan 136 nafar bemor davolanmoqda. Bu vazirlik berayotgan rasmiy statistikaga mos keladi.

Shuni ta'kidlab o‘tish joizki, ijtimoiy tarmoqlarda tibbiyot nuqtayi nazaridan, shuningdek, yuqorida ko‘rsatilgan koronavirus hamda unga gumon qilingan yoki mavsumiy respirator yuqumli kasalliklari mavjud bemorlarning umumiy statistikasi tahlil qilinmagan holda berilgan», deyilgan xabarda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi aholi orasida o‘rinsiz carosimaga sabab bo‘luvchi tasdiqlanmagan axborotlarni tarqatmaslikni, shuningdek, faqat rasmiy ma'lumotlarga tayangan holda fikr yuritishni so‘ragan.

Eslatib o‘tamiz, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov 6 oktabr kuni agentlikda tashkil etilgan matbuot anjumanida Samarqand viloyatida COVID-19 infeksiyasidan davolanayotgan bemorlar statistikasi o‘n baravar kamaytirib ko‘rsatilgani haqida gapirgandi.

Mavzuga oid