Yolg‘on statistika va jamg‘arma mablag‘i. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tekshiruv boshlaydi
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘larining maqsadli va samarali sarflanishi yuzasidan Samarqand viloyatida tekshiruv boshlaydi. Shuningdek, agentlik direktori koronavirus bemorlariga oid statistikani tanqid qildi.
6 oktabr kuni agentlik faoliyati yuzasidan jamoatchilikka axborot berish maqsadida tashkil etilgan matbuot anjumanida tashkilot direktori Akmal Burxonov Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari sarflanishi masalasi eng ko‘p e'tirozlarga sabab bo‘layotganini bildirdi.
«Biz bir oycha oldin agentlik buni ham o‘z nazoratiga olishini e'lon qildik. Bosh prokuratura, Hisob palatasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligidan doimiy ravishda ma'lumotlarni olib turibmiz va aniqlangan huquqbuzarliklarni ularga yetkazyapmiz. Hozirgacha 50-60ga yaqin holat aniqlangan va ulardan ko‘prog‘i sog‘liqni saqlash sohasiga tegishli. Shu tufayli tekshirish obekti sifatida eng ko‘p murojaat kelib tushayotgan hudud Samarqand viloyatini tanlab oldik va ishchi guruh o‘z ishini boshladi», — deydi u.
Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, Samarqandda 2020 yilning o‘tgan 9 oyi davomida 3 milliard 450 million 60 ming so‘mlik moliyaviy xatoliklar aniqlandi. Ulardan 3 milliard 303 million 986 ming so‘mi noqonuniy xarajatlar hisoblanadi. Moliya vazirligi inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tomonidan Samarqand viloyatida shakllantirilgan tez tibbiy yordam brigadalari xodimlarini bir martalik moddiy rag‘batlantirish uchun ajratilgan 486 million so‘m noto‘g‘ri to‘langan.
«Misol uchun ginekologni umuman koronavirus bilan aloqasi yo‘q, lekin ularga ham 25 milliondan pul berilgan. Bu kabi holatlar hamma viloyatda bor. Koronavirusning statistikasi noto‘g‘ri ekanligini hamma aytmoqda. Bunga misol sifatida quyidagini ko‘rib chiqish mumkin. Masalan, 5 oktabr 23:30 holatiga ko‘ra Samarqandda virusga chalinganlar 2160 va 2012 nafari sog‘aygan. Bugungi kunda 143 kishi bemor degani. Ammo bizdagi ma'lumotga ko‘ra, hozirda Samarqandda davolanayotganlar soni 1155 nafarni tashkil qilmoqda. Bundan tashqari qarindosh-urug‘chilik aloqalarini ham aniqlamoqchimiz. Bu qarindosh-urug‘larini ishga olganlik masalasi . Eng muhimi bu dori-darmon xaridi masalasi, chunki bizga juda ko‘p murojaatlar kelgan tenderda yutganlar qolib o‘zlarining tashkilotlariga berib yuborganlik holati bo‘yicha», — deydi u.
Agentlik 7 oktyabrda tarqatgan xabarga ko‘ra, Akmal Burxonov tomonidan bildirilgan ushbu fikr COVID-19 bilan davolanayotgan bemorlarning muqobil statistikasi deb talqin qilinishiga asos bo‘lmaydi.
«O‘rganishlar natijasida ma'lum bo‘lishicha, Samarqand viloyatida bugungi kun holatiga 136 nafar bemor COVID-19, qolgan bemorlar esa ORVI, pnevmoniya va boshqa kasallik belgilari bilan davolanmoqda.Shu munosabat bilan, taqdim etilgan ma'lumotlar Agentlik tomonidan qo‘shimcha o‘rganishlar yakunlangandan so‘ng rasmiy bayonot sifatida jamoatchilikka yetkaziladi», — deyiladi xabarda.
Matbuot anjumanida O‘zbekistonda davlat xizmatchilari 2021 yildan boshlab mol-mulk va daromadlari to‘g‘risida deklaratsiya topshirishi majburiy bo‘lishi ham e'lon qilindi. Agentlik direktori anjumanda Parkentdagi davlat xaridi hamda «Sardoba foijasi»ga ham to‘xtalib o‘tdi.
Mavzuga oid
13:58 / 31.10.2024
O‘zbekistonda ko‘proq qaysi davlat fuqarolari tahsil olayotgani ma’lum qilindi
10:50 / 31.10.2024
O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasidagi top 10 davlatlar ma’lum qilindi
08:10 / 29.10.2024
O‘zbekistonda o‘rtacha necha yoshda nikoh qurilayotgani aytildi
11:19 / 25.10.2024