Jamiyat | 17:10 / 08.10.2020
2936
3 daqiqa o‘qiladi

Senatda elchilarning hisobotini eshitish taklif qilinmoqda

Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan ishlab qilingan qonun loyihasiga muvofiq, Senatga O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlarining faoliyatiga doir hisobotlarni bevosita yoki videokonferensaloqa shaklida eshitish vakolatini berish taklif etilmoqda. Bu haqda Qonunchilik palatasidagi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Qodir Jo‘rayev yozib qoldirgan.

«Ma'lumki, hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasining qator xorijiy davlatlarda diplomatik vakolatxonalari faoliyat olib bormoqda. Mamlakatimizning xorijda jami 35ta elchixonasi, 3ta doimiy vakolatxonasi, 16ta bosh konsulligi, 1ta konsulligi mavjud bo‘lib, ularning zimmasiga xorijiy mamlakatlarda O‘zbekiston Respublikasi jismoniy hamda yuridik shaxslarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdan tashqari xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, mamlakatimizning eksport bozorlarini kengaytirish va turizm salohiyatini yuksaltirishga ko‘maklashish kabi bir qator muhim vazifalar ham yuklatilgan.

Amaldagi qonunchilikda, xususan, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonunining 9-moddasida hamda «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasida O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakillarini tayinlash hamda ularni lavozimidan ozod etish tartibi belgilangan bo‘lsa-da, biroq diplomatik vakillarning amalga oshirgan ishlari yuzasidan hisobotlarini eshitish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmagan.

Shu nuqtayi nazardan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan ishlab qilingan qonun loyihasiga muvofiq, Oliy Majlis Senatiga O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlarining faoliyatiga doir hisobotlarni bevosita yoki videokonferensaloqa shaklida eshitish vakolatini berish taklif etilmoqda.

Mazkur qonun loyihasi hozirda Qonunchilik palatasiga kiritilgan bo‘lib, tez kunlarda deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda muhokama qilinishi kutilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2020 yil 2 martdagi PF–5953-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2017—2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili» davlat dasturining 1-bandi ijrosi doirasida ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari faoliyati samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi», deydi Qodir Jo‘rayev.

Mavzuga oid