Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Mirishkor tumanidagi maktablarga nafaqadagi o‘qituvchilarni jalb qilish taklif etildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov deputatlar bilan Mirishkor tumaniga tashrifi davomida mazkur taklifni bildirgan.
Qonunchilik palatasi axborot xizmati xabariga ko‘ra, Qashqadaryo viloyatida tuman maktablari pedagog kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj yuqoriligi bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi.
Shu sabab mutasaddilarga ayni paytda faoliyat yuritayotgan pedagog kadrlarning imkoniyatlarini o‘rganish, nafaqada bo‘lgan tajribali o‘qituvchilarni maktablarga jalb etish yuzasidan takliflar bildirilgan.
Tashrif davomida parlament a'zolari tumandagi maktablarni ko‘zdan kechirib, ta'lim dargohlarining moddiy-texnik bazasini o‘rganishgan. Xususan, 38-umumta'lim maktabida o‘qituvchilar bilan o‘tkazilgan muloqotda ta'lim jarayonlarini zamonaviy texnologiyalar asosida takomillashtirish maqsadida maktablarni tezkor internet bilan ta'minlash lozimligi ta'kidlangan. Ma'lum qilinishicha, ayni paytda tuman bo‘yicha bor yo‘g‘i 6ta maktab internet bilan ta'minlangan xolos.
Shuningdek, deputatlar oliy ta'lim uchun maqsadli kvotalarni har bir hududning imkoniyatlaridan kelib chiqib shakllantirish taklifini bildirishgan. Bunda kvotalarni viloyatlar kesimida emas, balki tumanlar kesimida ajratilsa, samara sezilarli darajada ortishi aytilgan.