Jahon | 08:45 / 13.10.2020
13747
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyoda koronavirus bilan takroran kasallanganlar orasida ilk o‘lim qayd etildi

Foto: Peter Dejong / AP

Niderlandiyada koronavirusga takroran chalinish holatidan keyin dunyodagi ilk o‘lim qayd etildi. Gap 89 yoshli ayol haqida bormoqda.

BNO News axborot agentligining xabar berishicha, saratondan aziyat chekkan ayol iyulda shifoxonaga yetkazilgan va unda koronavirus aniqlangan. 5 kundan keyin keksa ayol shifoxonadan sog‘ayib chiqqan.

Biroq ayol 2 oydan keyin yuqori tana harorati va yo‘tal bilan yana shifoxonaga tushib qolgan. Ayolning bu safar koronavirusga topshirgan testi ham musbat chiqqan. Davolanishning 8-kuni ayolning ahvoli og‘irlashgan, ikki haftadan keyin esa u vafot etgan.

Olimlar ayolning koronavirusga topshirgan ikkala testi natijalarini taqqoslab, ular davomida aniqlangan viruslarning genetik tarkibi bir-biridan farqlanishini aniqlashgan. Bu esa ayolning takroran kasallanganini anglatadi.

BNO News ma'lumotlariga ko‘ra, ayni vaqtda dunyoda koronavirusga qayta chalinish bo‘yicha 23 ta holat qayd etilgan. Bunday ilk holat 24 avgustda Hongkongda aniqlangan. Ayni vaqtda qayta kasallangan bemorlardan 20 nafari sog‘ayib ketgan, yana 2 kishi davolanishni davom ettirmoqda. 

Oxirgi oy davomida Niderlandiyada yangi kasallanish holatlari tobora ko‘payib bormoqda. 12 oktyabrda koronavirus 6854 kishida aniqlangan va bir kun avvalgi kasallanganlardan deyarli 500 nafar ko‘p bo‘lgan. Vaziyat mamlakat rahbariyatida jiddiy xavotir uyg‘otgan. Bir hafta avval mamlakatda bir qator cheklovlar kiritilgan, 13 oktyabrdan ular yanada qat'iylashtirilishi kutilmoqda. 

Mavzuga oid