Kun.uz natsistlarning Niderlandiyadagi mash’um lagerlaridan birida bo‘lib, u yerda o‘ldirilgan askarlar, xususan o‘zbeklar yotgan qabristonni ziyorat qildi.
Jurnalist va tadqiqotchi Remko Reyding lagerda nimalar bo‘lgani, halok bo‘lganlarning shaxsini aniqlash va qarindoshlarini qidirish ishlari haqida so‘zlab berdi.
Ushbu qabristonda 101 askar shaxsi noma’lum holda dafn etilgan. Reydingning so‘zlariga ko‘ra, ularning ko‘pchiligi – o‘zbeklar. Tadqiqotchi hozircha bu guruhdagi bir askarning kimligini aniqlagan.

Sh.Sharipov: Avval sizni o‘zbek tomoshabiniga tanishtirmoqchiman. Siz kimsiz?
R.Reyding: Mening ismim Remko Rayding. Men bu yerga 28 yil oldin birinchi marta kelganman va bu yerda ko‘plab urush qurbonlari ko‘milganini ko‘rganman. Bu yerda 865 nafar urush qurbonlari, shu jumladan, juda ko‘p o‘zbeklar yotibdi. Men sport jurnalisti bo‘lishni xohlardim, lekin bu yerda unutilgan askarlar, noma’lum askarlar juda ko‘pligini ko‘rdim. Men ularning shaxsi va qarindoshlari haqida ma’lumot topishga harakat qildim va oxir-oqibat, bu mening hayot ishimga aylandi.

Sh.Sharipov: Bu yerda qancha o‘zbek yotibdi? Bu ma’lummi?
R.Reyding: O‘zbeklarning aniq sonini aniqlash qiyin, chunki birinchi guruhda – 101 nafar noma’lum jangchi yotgan guruhda juda ko‘p o‘zbeklar bor. Ular hamon shon-shuhrat maydonida noma’lum sovet jangchilari bo‘lib yotibdi. Shuning uchun biz ularning, ya’ni o‘zbeklarning qanchaligini aniq ayta olmaymiz. Ammo qabristonda boshqa guruhlar ham bor, u yerda ismi ma’lum o‘zbekistonlik askarlar bor. Demak, O‘zbekistondan o‘nlab, balki yuzdan ortiq askar bor. Men ma’lumot izlashni, qarindoshlarimni izlashni 28 yil oldin boshlaganman. Hozirda 250 dan ortiq askarning shaxsi aniqlangan va 227 ta oila topilgan. Biz topganlarning ichida O‘zbekistonda yashagan kishilar ham bor. Biz 101-guruhda o‘zbekistonlik bir askar borligini bilganimizdan juda xursandmiz, bu askar Raim Salomov.
Sh.Sharipov: Ma’lumot topish qanday kechadi? Identifikatsiya qanday bo‘ladi?


















