Jamiyat | 21:22 / 13.10.2020
22058
3 daqiqa o‘qiladi

Mutaxassis koronavirusdan sog‘aygan insonlar reabilitatsiya davrida qanday qon tahlillarini topshirib turishi lozimligi to‘g‘risida ma'lumot berdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati Toshkent shahar tibbiy maslahat diagnostika markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Orifjon Aripov bilan suhbatda koronavirusdan sog‘aygan insonlar reabilitatsiya davrida qanday qon tahlillari topshirib turishi lozimligi haqidagi savol bilan murojaat qildi.

— Infeksiya va medikamentoz davo vositalari organizm holatiga negativ ta'sir ko‘rsatishi ham mumkin. Covid-19 kasalligidan tuzalgan insonlarda kasallikka xos umumiy o‘zgarishlardan tashqari har bir bemor organizmida individual shikastlanishlar ham kuzatilishi aniqlangan. Shu sababli bemorlar salomatligi e'tibor bilan kuzatilishi lozim. 

Laborator tahlillar inson organizmidagi a'zolarning kasallikdan keyingi funksional holatini baholash va asoratlarni aniqlashga yordam beradi. Covid-19 kasalligidan tuzalgan bemorlarda asosan ko‘proq shikastlanadigan 3ta tizimga e'tibor qaratish kerak: o‘pka, buyrak va bosh miya faoliyati. 

Agar bemorda ikki oydan ko‘p davom etayotgan hansirash belgilari bo‘lsa va dinamik kuzatuvda kamaymasa, kardiolog maslahati va yurak UTT tekshiruvi ham o‘tkazilishi lozim bo‘ladi.

Tahlillardan umumiy qon tahlili – eng tez, oddiy va informativ tekshiruv usulidir. Bu tekshiruvda avvalo allergik komponentni namoyon qiluvchi eozinofillar aniqlanishiga e'tibor beriladi. Shu bilan birga, organizmdagi yallig‘lanish jarayonining holati (leykotsit, limfotsit, EChT) va ko‘p uchraydigan asoratlardan bo‘lgan kamqonlik ham baholanadi.

Davolash paytida ko‘p va uzoq vaqt davomida antibakterial terapiya qabul qilgan bemorlarda uchraydigan asoratlardan biri – bu psevdomembranoz kolitdir. Bu asorat bemorlarda sababsiz ich ketish, qorindagi davom etuvchi og‘riqlar bilan kuzatiladi. Bu holatlarda bemorni chuqurroq tekshirish, tor mutaxassis maslahati zaruriyati tug‘iladi.

Yallig‘lanish belgilari: umumiy qon tahlili + EChT, leykotsitar formula, S-reaktiv oqsil, ferritin orqali interpretatsiya qilinadi;

Qon ivish tizimi: D-dimer, Protrombin, fibrinogen;

Organizmni vitamin D bilan to‘yinganligini baholash: 25-OH vitamin D;

Yurak holati: Laktatdegidrogenaza, natriy, kaliy, xlor, kalsiy (Sa2+), magniy;

Jigar holati: Alanin-aminotransferaza, aspartat-aminotransferaza, umumiy bilirubin;

Buyrak holati: Kreatinin, mochevina, oqsil va uglevod almashinuvi, glyukoza, albumin, tsistatin S;

Autoimmun jarayonlarni o‘z vaqtida aniqlash: Yadro antigenlariga antitela, skrining tahlillari orqali amalga oshiriladi.

Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish maqsadida aholining keng qatlamlari va har bir xonadonda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, zararli odatlarga qarshi kurashish, tibbiy madaniyatni rivojlantirish, jismoniy tarbiya, sport va to‘g‘ri ovqatlanishni faol targ‘ib qilish va ularga amal qilish lozim. 

Mavzuga oid