O‘zbekiston | 15:04 / 14.10.2020
7489
3 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryodagi uylarni qurish uchun O‘zbekistondagi eng yaxshi pudrat tashkilotlari tanlab olingan – vazir o‘rinbosari

Sirdaryoda foydalanishga topshirilgan uylarning sifati haqida ma'lumot berildi.

Qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov Xalqaro press-klub sessiyasida Sirdaryoda qurilgan uylarning sifati haqidagi savolga javob berdi.

«Talafotdan keyin birinchi navbatda bu yerdagi aholini tezda sifatli uy bilan ta'minlash bo‘yicha prezidentimizdan topshiriq oldik. Uchta tuman – Sardoba, Mirzaobod, Oqoltin tumanlarining urbanizatsiya jihatidan to‘g‘ri kelishini hisobga oldik. Yer yuzasi suv va loy – sharoit juda ham og‘ir edi. Shu sharoitda ko‘p qavatli uylar qurilishini amalga oshirish kerak edi.

Aholiga to‘g‘ri keladigan, qulay va sifatli loyiha ishlab chiqishimiz kerak edi. Bu loyiha uchun biz chet davlatlar tajribasini o‘rganib, u yerdagi mutaxassislarni jalb qilib, birgalikda loyiha ishlab chiqdik. U loyihani aholiga ham taqdim qildik.

Aholi bu yerda yashaganida uy ichidagi xonadan hech qanday muammosiz foydalanishi hisobga olinib, loyihalashtirildi. Turkiyadan mutaxassislar kelib, yerni o‘rganishga kirishishdi. Suv toshqinlaridan keyin yer suvni shimib olgan edi. 1,5-2 metrda suv chiqardi. Qumli yer bo‘lgani uchun bu yerda deep mixing texnologiyasi qilindi. Yerni sementlashtirib, 500 atmosferada yer qattiqlashtirildi. Mana shu binolarning ostida 15 metr chuqurlikda sementlashtirilgan svayalar bor. Yer ishlari 1,5 oy davom etdi», dedi vazir o‘rinbosari.

Uning ta'kidlashicha, uylarni tezkor, 3,5 oy ichida qurish uchun tunel-qolip tizimidan foydalanilgan.

«Yer og‘irligini hisobga olib, O‘zbekistondagi eng yaxshi pudrat tashkilotlarini tanlab oldik. Bu yerda suv ostida qolgan 1830ta xonadon bor edi. Ularning devoridan boshqa hech narsasi yaramas edi. Uylarning hammasi prezidentimiz tomonidan viloyatlarga bo‘lib berildi. Qishda issiq, yozda salqin bo‘lishi uchun fasadiga bazalt qoplama qo‘llandi, ichi - zamonaviy ko‘rinishda. Bu yerga suv, gaz keldi. Elektr energiyasi o‘chmaydigan qilindi.

672ta pudrat tashkiloti bir qavatli uylarda ish olib borishdi. 2640ta ko‘p qavatli xonadon qurildi», dedi Sherzod Hidoyatov.

Mavzuga oid