O‘zbekiston | 23:33 / 17.10.2020
61118
3 daqiqa o‘qiladi

OTMlarning milliy reytingi e'lon qilindi

Milliy reytingda O‘zbekiston milliy universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Samarqand davlat universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent davlat agrar universiteti yetakchi o‘rinlarni egalladi.

Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi OTMlarning milliy reytingini e'lon qildi. “Fevral-iyun oylarida respublikaning 57ta oliy ta'lim muassasalari (filiallari bilan birga) faoliyati tahlil qilindi va 2020 yil 1 yanvar holatiga ularning reyting natijalari tayyorlandi”, - deb xabar bermoqda Ta'lim inspeksiyasi.

Reytingga ko‘ra, gumanitar va iqtisodiy sohada O‘zbekiston milliy universiteti, Samarqand davlat universiteti, Toshkent moliya instituti, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti yetakchi o‘rinlarni egalladi.

Nukus davlat pedagogika instituti, Qo‘qon davlat pedagogika instituti, Guliston davlat universiteti, Jizzax davlat pedagogika instituti kabilar esa so‘nggi o‘rinlarga joylashdi.

Shuningdek, ushbu sohada O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti avvalgi yilga nisbatan yuqori pog‘onalarga ko‘tarilgan.

Texnika va qishloq xo‘jaligi sohasida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent davlat agrar universiteti, Toshkent temir yo‘l transporti muhandislari instituti yetakchi o‘rinlarni egalladi.

Andijon mashinasozlik instituti, Buxoro muhandislik texnologiya instituti, Samarqand veterinariya tibbiyot instituti, Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti quyi o‘rinlardan joy oldi.

Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent arxitektura-qurilish instituti kabi OTMlar avvalgi yilga nisbatan yuqori pog‘onalarga ko‘tarilgan.

Tibbiyot sohasida Toshkent stomatologiya instituti, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Buxoro davlat tibbiyot instituti yetakchi o‘rinlarni egalladi. Buxoro davlat tibbiyot instituti o‘tgan yilgi reytingdagi 16-o‘rindan yuqoriga ko‘tarilib, 12-o‘ringa chiqdi.

Toshkent farmatsevtika instituti, Andijon davlat tibbiyot instituti esa so‘nggi o‘rinlarni egalladi.

Madaniyat, san'at va sport sohasida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, O‘zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti yetakchi o‘rinlarga joylashdi. Mazkur OTMlar dastlabki reytinglarda eng oxirgi 10talikka tushgan edi. Joriy reytingda ular mos ravishda 29- va 32-o‘rinlarga ko‘tarilgan.

O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi sohada so‘nggi o‘rinni egalladi.

Umumiy reytingda O‘zbekiston milliy universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Samarqand davlat universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent davlat agrar universiteti yetakchi o‘rinlarni qayd etgan.

Nukus davlat pedagogika instituti, Qo‘qon davlat pedagogika instituti, Guliston davlat universiteti, Jizzax davlat pedagogika instituti so‘nggi o‘rinlarda qolmoqda.

Mavzuga oid