Jamiyat | 16:14 / 19.10.2020
4702
8 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekneftgaz»: Mahalliylashtirish rejasi 175 foizga bajarilib, o‘tgan yilga nisbatan 830 mlrd so‘mga ko‘proq mahsulot ishlab chiqarildi

«O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan joriy yilda mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarish, import hajmini qisqartirish va tarmoq hamda hududiy korxonlar bilan kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish borasida salmoqli natijalarga erishib kelmoqda.

Xususan, mahalliylashtirish dasturi doirasida umumiy qiymati 959,4 mlrd so‘m bo‘lgan (rejaga nisbatan 175,5 foiz) yoki o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 830,1 mlrd so‘mga ko‘proq mahsulotlar ishlab chiqarildi. Yil yakuni bo‘yicha 1 250 mlrd so‘mlik (rejaga nisbatan 145,6 foiz) mahsulot ishlab chiqarilishi kutilmoqda.

Dasturga ko‘ra, jami 13 xil turdagi yangi mahsulotlar o‘zlashtirilib, hisobot davrida 687,9 mlrd so‘mlik mahsulot realizatsiya qilindi. Shundan 3,14 mln AQSh dollariga teng mahsulotlar eksportga yo‘naltirildi.

Joriy yilning aprel oyida Buxoro neftni qayta ishlash zavodi negizida Yevro 4,5 standartidagi dizel yoqilg‘isi va avgustda esa Muborak gazni qayta ishlash zavodida suyultirilgan gaz ishlab chiqarishning quvvatlarini oshirish loyihalari ishga tushirildi.

Mahsulot realizatsiyasi va mahalliy tovarlarga bo‘lgan talabni inobatga olgan holda jamiyat tomonidan keyingi hisobot yilidagi ish rejasiga ko‘ra, mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan birga mahsulotlarning yangi turlarini o‘zlashtirish ko‘zda tutilmoqda. Unga ko‘ra, 2021 yilda 20ta loyiha doirasida umumiy qiymati 3 076,8 mlrd so‘mlik yoki joriy yil ko‘rsatkichiga nisbatan 300,2 foiz ko‘proq mahsulot ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.

Import o‘rnini bosuvchi mahalliy mahsulotlarga bo‘lgan talabni qondirish va importni qisqartirish dasturi doirasida qiymati 214,6 mln AQSh dollarlik mahsulotlar importi o‘rni qoplandi. Bu esa o‘z o‘rnida dastur rejasining 112,3 foizga bajarilishi, shu jumladan 187,8 mln dollar – mahalliylashtirish hisobiga va 26,9 mln dollar – tarmoqlararo kooperatsiya aloqalarining yo‘lga qo‘yilishi hisobiga amalga oshirildi.

«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisining tashabbusi bilan «Tarmoq-hudud» tamoyiliga asoslangan kooperatsiya aloqalari o‘rnatildi. Ushbu aloqalar samarasi o‘laroq hozirda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni topish, ularning ishlab chiqarish quvvatlari va texnik imkoniyatlarini chuqur o‘rganish, mahsulotlarning yangi turlarini o‘zlashtirishga ko‘maklashish va albatta, ular bilan kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish muhim vazifa etib belgilangan.

Tarmoqlararo kooperatsiya aloqalarini kengaytirish, import mahsulotlariga bo‘lgan talabni bosqichma-bosqich kamaytirish bo‘yicha yagona elektron kooperatsiya portali orqali «O‘zbekneftgaz» AJ va mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida 522,4 mlrd so‘mlik 1540 ta shartnomalar imzolandi. Xarid qilingan mahsulot va xizmatlar respublikaning 12 ta viloyatini qamrab olib, 200 dan ortiq tadbirkorlik sub’yektlarini o‘z ichiga oladi.

Importdan xarid qilingan 20 turdagi yangi mahsulot turlarini o‘zlashtirish bo‘yicha yo‘l xaritalari ishlab chiqilib, ularni amalga oshirish natijasida yil oxiriga qadar 6 mln dollarlik import hajmi qisqartiriladi.

Jumladan, aprel-iyul oylarida «Global Xim Reagent» MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulot Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi quduqlarida va gazni kompleks tayyorlash texnologik qurilmasida hamda O‘rtabuloq-MGQIZ gaz quvurlarida ingibitor korroziya kimyoviy reagenti sanoat-tajriba sinovlaridan o‘tkazilib, ijobiy natija ko‘rsatdi.

«Chilon Lubricans» MChJ tomonidan reduktorlar uchun mo‘ljallangan «Chilon NVI S 680» markali sintetik moyi ishlab chiqarildi. Iyul oyida «Uz-Kor Gas Chemical» qo‘shma korxonasi tomonidan ushbu mahalliy moy import analogi parametrlariga mosligi aniqlandi. Sintetik moyini granulalarni quritish uskunasida sanoat-tajriba sinovlarini o‘tkazish joriy yilning noyabr oyiga rejalashtirilgan.

Joriy yilning may-iyun oylarida «Shturval» MChJ tomonidan Muborak gazni qayta ishlash zavodida mahalliy aktivlashtirilgan ko‘mir sanoat-tajriba sinovlaridan o‘tkazildi va ijobiy natijaga erishildi.

«Shturval» MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan mahalliy NaA markali tseolitlar hozirda «UzKFITI» ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya sinovlaridan o‘tkazilmoqda. Sinov ishlari ijobiy natijalari asosida noyabr oyida sanoat-tajriba sinovlari o‘tkazish rejalashtirilgan.

«Spart Sistem» MChJning bosim o‘lchagichlari va bosim farqi o‘lchash datchiklari Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, Sho‘rtan, Muborak neft va gaz qazib chiqarish, Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmalarida sanoat-tajriba sinovlari o‘tkazildi. Uning ijobiy natijalari asosida 16 iyul kuni «O‘zstandart» agentligi tomonidan mahsulotlarga muvofiqlik standarti olindi.

Shuningdek, «Standart Pribor» MChJning «Floread» rusumli gaz, suyuqlik va par sarfi o‘lchagichlari, «Jizzakh Him Plast» QK MChJning «HIGH FLOW» rusumli filtrlari, «Shturval» MChJning SaA markali tseoliti, «Gidro Stanko Servivis» MChJning neft va gaz uskunalarini o‘zlashtirish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan bir qatorda, innovatsion ishlanmalarni rivojlantirish va ishlab chiqarishga tatbiq etish, shuningdek, ilm-fan sohasidagi kadrlarni tayyorlash maqsadida tarmoq korxonalari negizida ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda.

Mazkur ilmiy-tadqiqot markazlarida ilmiy ishlanmalar, energetika, neft va gaz sohasida jahon tendensiyasiga mos innovatsion loyihalar va ularni patentlash, yosh kadrlarning sohaga ilmiy yondashish ko‘nikmalarini shakllantirish va malakali kadrlarning ilmiy kvalifikatsiyasini yanada oshirish kabi bir necha yo‘nalishlar qamrab olinadi.

Bundan tashqari, yangi innovatsion ishlanmalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida respublikaning bir qator ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlik o‘rnatilgan. «UzKFITI» bilan «Gazlar va suyuqliklarni quritish va tozalashda qo‘llaniladigan alyumooksid adsorbentlarni shakllantirish qonuniyatlarini o‘rganish va sintezlash omillarini ishlab chiqish» loyihasi shular jumlasidandir.

Shuningdek, Umumiy va noorganik kimyo instituti olimlari tomonidan «Vodorod sulfididan import o‘rnini bosuvchi natriy sulfid olish texnologiyasi», «Vodorod sulfididan import o‘rnini bosuvchi odorant olish texnologiyasi» borasida olib borilayotgan ilmiy ishlarni amalga oshirishda amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.

«O‘zbekneftgaz» AJ tarmoq korxonalarining tayyor mahsulotlari, ularga talab etiladigan xomashyo, butlovchi buyum va materiallarning onlayn ko‘rgazmasini yaratish loyihasi sayti tayyorlandi. Hozirgi kunda sayt test rejimida faoliyat yuritmoqda, unga 1 500 dan ziyod mahsulotlar namunalari yuklandi. Onlayn ko‘rgazma o‘z ichiga har bir mahsulotning virtual 360 gradusli ko‘rinishi, shuningdek, mahsulotning texnik tavsifi to‘g‘risidagi to‘liq ma’lumotlarni olishi belgilangan. Bu esa o‘z navbatida mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan kooperatsiya aloqalarini o‘rnatishda intensivlik va operativlik kabi omillarning rivojlanishiga ijobiy turtki bo‘lib xizmat qiladi.

Ma’lumot uchun: Onlayn ko‘rgazma alohida elektron platforma ko‘rinishida ishlab chiqilib, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni «O‘zbekneftgaz» AJ tarkibidagi har bir korxona ehtiyoji uchun zarur bo‘ladigan moddiy-texnik resurslar bilan kengroq tanishtirish maqsadida tashkil etilmoqda. Ko‘rgazmadan «O‘zbekneftgaz» AJ tarkibidagi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari hamda ular ehtiyoji uchun zarur bo‘ladigan mahsulotlar, butlovchi qism va materiallar o‘rin oladi.

Ushbu ko‘rgazma keyinchalik respublika yagona elektron kooperatsiya portali (cooperation.uz) hamda «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan joriy etilayotgan SAP ARIBA avtomatlashtirilgan tizimlariga integratsiya qilinadi. Bundan tashqari, jamiyatning rasmiy veb-saytida doimiy ravishda joylashtiriladi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid