Jahon | 22:41 / 20.10.2020
3849
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh hukumati Google’ni monopoliya o‘rnatishda ayblab sudga berdi

Adliya vazirligining fikricha, Google raqobatchilarining bozorga kirishiga to‘sqinlik qiluvchi kelishuvlar tuzgan.

Foto: Hannah McKay / Reuters

AQSh hukumati Google kompaniyasini qidiruv servislari va reklama sohasidagi monopolizm sababli sudga berdi. Bu haqda CNBC yozmoqda.

Qayd etilishicha, mamlakat adliya vazirligi kompaniyani bozordagi yetakchi mavqeini suiiste'mol qilishda ayblab da'vo kiritgan. Vazirlikning fikricha, Google raqobatchilarining bozorga kirishiga to‘sqinlik qiluvchi kelishuvlar tuzgan. Hukumat shuningdek, korporatsiya mobil qurilmalar ishlab chiqaruvchilari, aloqa operatorlari va internet brauzerlarga asosiy qidiruv tizimi sifatida Google’ni o‘rnatishi uchun pul bergan deb hisoblamoqda.

Bundan tashqari, vazirlik Android operatsion tizimida ishlaydigan telefonlarga Google qidiruv tizimi o‘rnatilishi amaliyoti bo‘yicha ham sudlashmoqchi.

Adliya vazirligining ta'kidlashicha, AQShdagi qidiruv so‘rovlarining 88 foizi Google ulushiga to‘g‘ri keladi, mobil qidiruv so‘rovlarining 94 foizi uning servislari orqali amalga oshiriladi.

Vazirlikning ma'lumotiga ko‘ra, korporatsiya qidiruv reklamasi bozorining 70 foiziga egalik qiladi. Bu esa boshqa qidiruv tizimlarining u bilan raqobatlashishiga to‘sqinlik qiladi. 

Kompaniya vazirlikning e'tirozlarini «katta xato» deb atagan. Google’ning bildirishicha, odamlar uning qidiruv tizimidan majburligi uchun emas, balki o‘zlari xohlashgani uchun foydalanishadi.

Mavzuga oid