Jamiyat | 15:58 / 20.10.2020
4796
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi avtoturargohda «Toyota»dagi telefon oldi-sotdisiga chek qo‘yildi

Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati so‘nggi kunlarda aniqlangan qonunbuzilish holatlari haqida axborot berdi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda Toshkent shahrida tezkor tadbir o‘tkazdi.

Tadbir davomida, poytaxtdagi avtoturargohlarning birida fuqaro O‘.Sh. boshqaruvidagi «Toyota» belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi.

Tekshiruv davomida, avtomobil yukxonasidagi 168 million so‘mlik 80 dona uyali aloqa vositalarini fuqaro Yu.J. noqonuniy tarzda shartli xaridorga 15 200 dollarga sotayotgan vaqtida tezkor xodimlar tomonidan to‘xtatib qolindi.

60 million so‘mlik tovar-moddiy boyliklarni yashirincha olib kirishga bo‘lgan urinish fosh bo‘ldi

Namangan viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda Yangiqo‘rg‘on tumanida tezkor tadbir o‘tkazdi.

Fuqaro I.M. boshqaruvidagi «Kobalt» to‘xtatilib, belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganida, avtomobil saloni va yukxonasida xorijda ishlab chiqarilgan, tegishli hujjatlari bo‘lmagan, umumiy qiymati 30 million so‘mlik 10 364 dona yondirgich tovarlari borligi aniqlandi.

Yana bir holatda, fuqaro A.B. boshqaruvidagi «Isuzu» rusumli yuk avtomashinasi belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi. Natijada ushbu yuk avtomashinasi yukxonasida xorijda ishlab chiqarilgan, tegishli hujjatlari bo‘lmagan, umumiy qiymati 30 million so‘mlik 5544 dona qurilishda foydalaniladigan qo‘lqoplar borligi aniqlandi.

Damasga yashirilgan tibbiy buyumlar to‘xtatib qolindi

Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi «Farg‘ona» chegara bojxona posti xodimlari tomonidan mazkur postga qo‘shni mamlakatdan kirib kelgan fuqaro U.S. boshqaruvidagi «Damas» o‘rnatilgan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.

Natijada, avtomashinada umumiy qiymati 37,3 million so‘mlik 4 dona tibbiy texnika va 707 dona tibbiy buyumlar borligi aniqlandi.

Yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid